TOSHKENT, 18 iyul - Sputnik. "Oʻzbekiston temir yoʻllari" Rossiyadan yangi elektrovozlar olib keldi, deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Toshkent Markaziy vokzalida "Yermak" tipidagi ikkita yangi uch sektsiyali elektrovoz, Multi Tasker KRC 1200UZ rusumli koʻp funktsiyaga ega kranli mexanizm hamda TEM2-6606 rusumli lokomotiv namoyish etildi. Yil yakuniga qadar yana shunday elektrovozlarning uchtasi keltirilishi rejalashtirilgan.

Elektrovozlar quvvati 9840 kVt/soatga teng. Harakatdagi minimal tezligi 49,9 kilometr/soatni, eng yuqori tezligi 110 kilometr/soatni tashkil etadi. Multi Tasker KRC 1200UZ esa ayni paytda MDH davlatlarida yagona boʻlgan koʻp funktsiyaga ega kranli mexanizmdir. U Germaniyaning Kirow Ardel GmbH zavodida ishlab chiqariladi.

Taqdimot marosimida, shuningdek, "Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ lokomotiv parkidagi yangilangan (modernizatsiya qilingan) ikkita lokomotiv ham taqdim etilgan.
"Ular "Oʻzbekiston" deposidagi nafaqat birinchi kapital taʼmirdan chiqqan poyezdlar, balki mamlakatimizda elektrovozlarning kapital taʼmirlanishini yangi bosqichga koʻtarish uchun dastlabki qadamdir", — degan elektrovoz mashinisti Vostreykin Vladimir.
Eslatib oʻtamiz, may oyi oʻrtalarida Oʻzbekiston Rossiyadan beshta elektrovoz sotib olishi xabar berilgan edi.