TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan nutqida birinchi prezident boshchiligida qo‘lga kiritilgan davlat mustaqilligi asriy orzusini amalda ta’minlagan olamshumul voqea ekanini ta’kidladi.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Qur’on tilovat qilindi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, poytaxt jamoatchiligi vakillari ham monument poyiga gullar qo‘ydi.
Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.