Jamiyat

Kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi – mutaxassis izohi

© Sputnik / Yevgeniy Odinokov / Fotobankka oʻtishVaktsinatsiya
Vaktsinatsiya - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 07.03.2021
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Nurmat Otabekov emlashga oid muhim savollarga javob berdi.
TOSHKENT, 7 mar — Sputnik. COVID-19ga qarshi kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi, emlangandan keyingi asoratlar boʻlishi mumkinmi? Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Nurmat Otabekov shu kabi muhim savollarga javob berdi.
Otabekovning soʻzlariga koʻra, emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaktsinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi.
- OIV infektsiyasiga yoki autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan anamnezida ogʻir allergik reaktsiyalari mavjud boʻlgan shaxslarni, homiladorlarni, emizikli ayollarni va 18 yoshgacha boʻlgan aholi qatlamini emlash tavsiya etilmaydi.
Har qanday holatda ham emlash toʻgʻrisidagi qaror tibbiy koʻrik natijasida qabul qilinadi.
Mabodo emlashga moneʼlik qiladigan u yoki bu turdagi holatlar kuzatilsa, tibbiy koʻrik oʻtkazayotgan shifokor, albatta, unga eʼtibor qaratadi.
— Koronavirus bilan kasallangan shaxslar bilan yaqin aloqada boʻlganlarni emlash mumkinmi? Buni qayerda va qanday amalga oshirish mumkin?
— Koronavirus bilan kasallangan odamlar bilan yaqin aloqada boʻlgan shaxslar karantin (14 kun) tugaganidan keyin, shifokor koʻrigidan soʻng emlanadi.
— Emlangandan keyingi asoratlarning oldini olish borasida qanday ishlar qilinyapti?
— Koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan emlangandan soʻng 30 daqiqa davomida kuzatib turiladi. Keyinchalik uch kun davomida uyiga tashrif buyurish yoʻli bilan muntazam tibbiy kuzatuvga olinadi. Ularning sogʻligʻi, ahvoli koʻzdan kechirilib, tegishli hujjat bilan rasmiylashtiriladi.
Barcha emlash maskanlarida mutaxassislar (vaktsinatorlar), asbob-anjomlar va birinchi tibbiy yordam uchun zarur boʻlgan dori-darmonlar zaxirasi yaratiladi. Emlash mutaxassislari emlashdan keyingi salbiy reaktsiyalarni aniqlash va lozim boʻlgan taqdirda tegishli tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtkazilgan. COVID-19ga qarshi emlanish bilan bogʻliq allergik reaktsiya kuzatilgan hollarda tez tibbiy yordam brigadalari ham jalb etiladi. Yana bir bor taʼkidlab oʻtamiz, fuqarolar emlanishdan oldin, albatta, tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Bu kutilmagan asoratlarning oldini olishga zamin yaratadi. 
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda emlash jarayonlarini mart oyida boshlash rejalashtirilgan. Birinchi navbatda toʻrt milliondan ziyod Oʻzbekiston aholisi koronavirusga qarshi bepul emlanadi va ularning roʻyxati tuzilgan. Avvalroq innovatsion rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova aholini koronavirusga qarshi emlashda Rossiyaning “Sputnik V” va “ZF-UZ-VAC 2001” Xitoy-Oʻzbekiston vaktsinasidan foydalanish rejalashtirilayotganini maʼlum qilgan edi.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala