Jamiyat

Gulnora Karimovaning Oʻzbekistonga qaytarilgan mablagʻlari nimalarga sarflanadi

© InstagramGulnara Karimova
Gulnara Karimova - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 15.02.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Adliya vazirligi: Gulnora Karimovaga tegishli 10 million dollar Frantsiyadan Oʻzbekistonga qaytarildi.
TOSHKENT, 15 fev — Sputnik. Oʻzbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimova tomonidan xorijga noqonuniy olib ketilgan mol-mulklar Oʻzbekistonga qaytarilayotganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Shveytsariya, AQSH, Frantsiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan Gulnora Karimova va uning sheriklari tomonidan jinoiy faoliyatdan orttirilgan va qonunga xilof ravishda mamlakatdan tashqariga olib ketilgan mol-mulklarni qaytarish boʻyicha faol ish olib bormoqda.
Bu ishlari natijasida yaqinda Frantsiyadan 10 million dollar Oʻzbekistonga qaytarilgan. 2020 yilning may oyida ham Frantsiyadan 10 million dollar qiymatidagi aktivlar Oʻzbekistonga qaytarilgan edi.
Shu bilan birga, joriy yil 11 fevralda Shveytsariya va Oʻzbekiston oʻrtasida muzokaralarning navbatdagi bosqichi boʻlib oʻtgan. Unda tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) koʻptomonlama trast jamgʻarmasini (Jamgʻarma) tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishishgan.

"Mazkur Jamgʻarmadan Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish yurituvi doirasida toʻliq musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun foydalaniladi. Shuningdek, Jamgʻarma Shveytsariyada davom etayotgan jinoiy ish doirasida kelajakda musodara qilinadigan har qanday qoʻshimcha aktivlarni qaytarish uchun xam xizmat qiladi. Hozirgi kunda taxminan 131 million dollar qiymatidagi aktivlar Oʻzbekistonga qaytarilishga tayyor", - deyiladi xabarda.

Jamgʻarma boshqaruv mexanizmi Shveytsariya, Oʻzbekiston va BMT vakillaridan tashkil topadi. Shu orqali Shveytsariya va Oʻzbekiston aktivlarni qaytarish jarayoniga toʻliq jalb etiladi. Jamgʻarma Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga koʻmaklashadi va BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik boʻyicha Oʻzbekistondagi dasturi (UNSDCF)ga mos loyihalar uchun moliyaviy resurslar ajratadi.
Ushbu loyihalar Jamgʻarma faoliyatida ishtirok etuvchi BMT tizimidagi tashkilotlar tomonidan boshqa ijrochi sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Barcha loyihalar BMTning qoida va nizomlari asosida tuzilgan Jamgʻarmaning monitoring va baholash tizimiga muvofiq nazorat qilib boriladi. Fuqarolik jamiyati institutlari Jamgʻarma faoliyatida maslahatchilar sifatida ishtirok etadi.
Jamgʻarma oʻz faoliyatini Shveytsariya va Oʻzbekiston oʻrtasida tomonlarga yuridik majburiyat yuklovchi Restitutsiya toʻgʻrisidagi kelishuv imzolanganidan soʻng boshlaydi. Ushbu kelishuv imzolanganidan keyin Jamgʻarma va uning faoliyati haqida qoʻshimcha batafsil axborot beriladi.
Bundan tashqari, Moskva shahar sudi tomonidan Oʻzbekiston sudlarining Gulnora Karimova va uning sheriklariga nisbatan chiqargan hukmlari tan olingan. Hozirda Rossiya tomoni bilan Oʻzbekistonga qaytarish uchun musodara qilingan mol-mulklarni sotishni tashkillashtirish boʻyicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
"Qaytarilgan mablagʻlar mamlakat aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanadi", - deyiladi Adliya vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid:

Shveytsariya sudi Gulnora Karimovaga tegishli pullarning aksariyatini musodara qildi
Gulnora Karimova ishi: Parijdagi mulk sotuvidan tushgan 10 mln $ byudjetga oʻtkazildi
Gulnora Karimova ishi boʻyicha sud hukmi eʼlon qilindi
Ozodlik evaziga nimalarga tayyor: Karimova Oʻzbekiston prezidentiga maktub yozdi
Yangiliklar lentasi
0