Jamiyat

Sovuq va yogʻingarchilikning meva-sabzavotlarga taʼsiri qanday boʻldi

© SputnikRastsvetshiy abrikos pod snegom
Rastsvetshiy abrikos pod snegom - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 07.04.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Qishloq xoʻjaligi: Mevali bogʻlarning kurtak novdalari qisman zararlangan.
TOSHKENT, 7 apr — Sputnik. Joriy yil mart oyida Oʻzbekistonga sovuq va nam havo oqimining kirib kelishi oqibatida haroratning keskin pasayishi hamda yogʻingarchilik koʻp kuzatildi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislari noqulay ob-havo sharoitining taʼsiriga oid dastlabki oʻrganish natijalarini maʼlum qilishdi.
Ularga koʻra, sovuq havo va yogʻingarchiliklar ayrim hududlarda mevali bogʻlarning kurtak novdalariga qisman salbiy taʼsir koʻrsatgan. Mamlakatdagi uzumzorlar, ertaki ekilgan kartoshka va sabzavot ekinlariga esa sovuq taʼsir etmaganligi aniqlandi.
Viloyatlar kesimida olingan maʼlumotlar tahlili quyidagicha:
Fargʻona vodiysida oʻrikning ertapishar navlari Andijon viloyatida 19 foiz, Namanganda 10 foiz va Fargʻonada 18 foiz, gilosning ertapishar navlari Namanganda 2,4 foiz, bodomning ertapishar navlari Andijonda 17 foiz, Namanganda 19 foiz va Fargʻonada 23 foiz;
janubiy hududlarda, xususan Qashqadaryo viloyatida gilosning ertapishar navlari 9 foiz, shaftolining ertapishar navlari 9 foiz, olxoʻrining ertapishar navlari 15 foiz, bodomning ertapishar navlari 18 foiz;
markaziy hududlarda oʻrikning ertapishar navlari Buxoro viloyatida 6,7 foiz, Jizzaxda 17 foiz, Navoiyda 19 foiz, Samarqandda 10 foiz, Sirdaryoda 17 foiz va Toshkentda 10 foiz, gilosning ertapishar navlari Navoiyda 6,5 foiz va Toshkentda 2,4 foiz, shaftolining ertapishar navlari Navoiyda 8 foiz va Samarqandda 5 foiz, olxoʻrining ertapishar navlari Sirdaryoda 3 foiz hosilli maydonga nisbatan zararlanganligi aniqlandi.
Shimoliy hududlar - Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida ushbu mevali daraxtlar zararlanmagan.
Ilmiy manbalarga koʻra, daraxtlarning sovuqqa chidamlilik darajasi meva turi va navining biologik xususiyatiga bogʻliq. Shu sababli, mevali bogʻlarning turlari va navlariga qarab, joriy yil aprel-may oyida daraxtlarning hosil tugish (gʻoʻralash) fazasida kutilayotgan yalpi hosildorlik boʻyicha aprobatsiya oʻtkaziladi va hosil yetishtirish hajmlari belgilab olinadi.
Taʼkidlanishicha, mart oyining 3 dekadasida respublikada mavjud 338 ming gektar (248 ming ga fermer xoʻjaliklarida, 90 ming ga aholi tomorqasida) mevali bogʻlarning (oʻrik, shaftoli, bodom, olcha) 77 ming gektari (22 foiz) gullagan hamda 182 ming gektar uzumzorlarning (130 ming ga fermer xoʻjaliklarida, 52 ming ga aholida) 42 ming gektari (23 foiz) tuproqdan ochilib, kurtaklagan.
Ushbu bogʻ va uzumzorlarni sovuqdan asrash maqsadida hududlarda havo harorati 2 daraja iliqdan past boʻlgan joylarda 17 martdan 23 martga qadar 74,4 ming gektar mevali bogʻ va uzumzorlarga suv quyilgan, 117,4 ming gektarida xashak, poxol, shox-shabbalardan tayyorlangan uyumlar toʻplanib tutatilgan. Bundan tashqari, 8 404 gektar bogʻlarda gullash fazasini kechiktirish uchun maxsus preparatlar bilan ishlov berilgan.
Ertaki sabzavot va kartoshka maydonlarida iliq haroratni ushlab turish uchun 22 martdan 23 martga oʻtar kechasi 2,1 ming gektar maydonga suv quyilgan, shox-shabba uyumlari toʻplanib tutatilgan. Shuningdek, 20,7 ming gektar qishloq xoʻjaligi ekinlari yengil sugʻorilgan, 5,4 ming gektar maydonga plyonka yopilgan, 16,1 ming gektar dala chetlarida xashak uyumlari tutatilgan.
Yangiliklar lentasi
0