Madaniyat

Erondagi masjidda Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy bitiklari aniqlandi – foto

Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Hozirda ulugʻ allomalar bitiklarini ilmiy jihatdan oʻrganishga doir ishlar olib borilmoqda.
TOSHKENT, 14 apr — Sputnik. Eronning Mashhad viloyati Toyinobod shahridagi masjid devorida Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy bitiklari aniqlandi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar bermoqda.
Mart oyida Madaniy meros agentligi vakillari Eronga safar qilishgan. Tashrif Oʻzbekistonning Erondagi elchixonasi koʻmagida amalga oshirilgan.
Safar davomida Madaniy meros agentligi direktori birinchi oʻrinbosari Tursunali Qoʻziyev va Toshkent viloyati madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Mansur Isroilov masjid devorlarini koʻzdan kechirish jarayonida Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy bitiklarini kashf etishgan.
Taʼkidlanishicha, Eronning shimoli-gʻarbida Temuriylar davrining koʻplab madaniy meros obidalari bor. Amir Temur Eronga tashrifi davomida Mashhad viloyati Toyinobod shahrida shayx Abu Bakr Zayn-ul Obiddin Toyyibiniy bilan uchrashgan va u bilan doʻstlashib qolgan. Uzoq yillar davomida u bilan yozishib turgan. Ushbu doʻstlik hurmati Amir Temurning oʻgʻli Shohrux Mirzo Toyinobod shahrida ajoyib masjid qurdiradi.
“Masjid bugungi kunga qadar saqlanib qolgan va koʻplab allomalarimizning doʻstona munosabatlarini oʻzida muhrlagan. Shunisi diqqatga sazovorki, koʻp hukmdorlar va taniqli arboblar bu masjidga kelib, namoz oʻqishni oʻzlari uchun sharaf deb bilishgan. Masjidning devorida yuqori martabali mehmonlar uchun hurmat devori boʻlib, ularda mehmonlar oʻz tilaklari yoki bitiklarini yozib qoldirishgan. Ularni koʻzdan kechirayotib, ajoyib yangilik – Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy bitiklarini kashf etdik”, - dedi Qoʻziyev.
Maʼlum qilinishicha, hozirda ulugʻ allomalar bitiklarini ilmiy jihatdan oʻrganishga doir ishlar olib borilmoqda.
1/5
2/5
3/5
4/5
5/5
Maʼlumot uchun, prezidentning tegishli qarori bilan madaniy meros obʼyektlarini restavratsiya qilishda Eron va Turkiya davlatlaridan malakali mutaxassislarni Oʻzbekistonga taklif qilish va ular ishtirokida asrashga doir ishlarni tashkil etish belgilangan.
Yangiliklar lentasi
0