Madaniyat

"Xamsa" dostoni tojik tiliga tarjima qilinadi

Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoni tojik tiliga tarjima qilinadi. Tojikistonda saqlanayotgan Navoiyning qoʻlyozma asarlari nusxalari Oʻzbekistonga olib kelinadi.
TOSHKENT, 12 may — Sputnik.Navoiy ijodining durdonasi “Xamsa” dostoni tojik tiliga tarjima qilinadi. Tojikistonda saqlanayotgan Navoiyning qoʻlyozma asarlari nusxalari esa Oʻzbekistonga olib kelinadi.
Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga maʼlum qilishicha, Navoiyning ijodiy merosi Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi aloqalarni yangi darajaga olib chiqadi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy aloqalar uzoq asrlarga borib taqaladi. Buni Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy oʻrtasida adabiy hamkorlik va ustoz-shogird munosabatlari yoʻlga qoʻyilganidan ham koʻrish mumkin.
Ilm-fan tarixida birinchi navoiyshunos Abdurahmon Jomiy boʻlsa, birinchi jomiyshunos Alisher Navoiy sanaladi. Bu anʼana bugungi kunga qadar davom etib kelmoqda.
Endilikda Navoiy asarlari ikki davlat oʻrtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda oltin koʻprik boʻladi.
Xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov Tojikistonda Navoiy asarlarini tarjima qilish va nashr ettirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Tojikiston elchisi, akademik Abdujabbor Rahmonzoda bilan uchrashdi.
Unda Alisher Navoiyning ijodiy merosini mamlakatda va Tojikistonda keng targʻib qilish borasida bir qator takliflar ilgari surildi.
“Tojikistonda Alisher Navoiyning qoʻlyozma asarlari bor. Biz ularning nusxalarini olib kelishni rejalashtirmoqdamiz. Prezidentning Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorida Navoiy asarlarining yangi ilmiy nashrini yaratish vazifasi qoʻyilgan. Ayni shu vazifani amalga oshirish maqsadida boshqa davlatlarda saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari bilan tanishish zarurati bor”, deydi Olimjon Davlatov.
Fors-tojik adabiyotning juda koʻplab namunalari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
“Roʻdakiydan boshlab Sadriddin Ayniygacha tarjima qilingan. Eng koʻp dunyo tillarida fors va tojik tili adabiyoti namunalarining eng koʻp tarjima qilingani bu oʻzbek tili va adabiyoti hisoblanadi. Lekin, Oʻzbek adabiyoti namunalarini tojik va fors tiliga tarjima qilish koʻngildagidek emas”, deydi Olimjon Davlatov.
Oʻtgan yili fond tashabbusi bilan bundan 30 yil oldin tarjima qilingan lekin, nashr etilmagan Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostonining tojik tilidagi tarjimasi ikki tilda nashr ettirildi.
Bundan 70 yillar oldin shoir va tarjimon Muxiddin Aminzoda tomonidan “Farxod va Shirin” dostonining qisqartirilgan varianti tarjima boʻlgan. U oʻtgan yili Tojikistonning Xoʻjand shahrida oʻzbekistonlik olimlar ishtirokida nashr etildi. Lekin, shu kungacha “Saddi Iskandariy” ("Iskandar devori"), “Hayrat ul-abror” ("Yaxshilar hayrati"), “Sabʼayi sayyor” ("Yetti sayyora") dostonlari tarjima qilinmagan.
“Bir vaqtlar Sovet davrida oʻzbek tilidan tojik tiliga tarjima qiluvchi maktab boʻlar edi. Bu salohiyat Tojikistonda saqlanib qolgan. Ammo undan yaxshi foydanilmayapti”, deydi Olimjon Davlatov.
Olimjon Davlatov Abdujabbor Rahmonzodaga ushbu maktabda Navoiyning dostonlarini tojik tiliga tarjima qilish va kitoblarni Fond orqali nashr etish taklifini berdi.
Bu masala tojikistonlik shoirlar bilan koʻrib chiqilishi kutilmoqda.
Abdujabbor Rahmonzoda tomonidan shu yili Oʻzbekiston va Tojikiston olimlari ishtirokida Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy va umuman Temuriylar davridagi adabiy aloqalar yuzasidan konferentsiya oʻtkazish fikri ilgari surildi.
Yangiliklar lentasi
0