Sportchilarni tayyorlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi – prezident

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.05.2022
Obuna bo‘lish
Har bir mahallada ikkita mavsumda musobaqalar tashkil etilib, yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar elektron ro‘yxatga kiritiladi.
TOShKENT, 23-may — Sputnik. O‘zbekistonda endi sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev sportni ommalashtirish, sport ta’limini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlashga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, yoshlarni bolalikdanoq sportga jalb qilish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash borasidagi yondashuvlar o‘zgartiriladi.
Yangi tizim Buxoro viloyati misolida tushuntirildi. Jumladan:
har bir mahallada ikkita mavsumda (aprel-iyun, sentabr-dekabr) musobaqalar tashkil etilib, yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar sport bo‘limi va yoshlar yetakchisi tomonidan elektron ro‘yxatga kiritiladi;
bu yoshlar viloyatdagi 19 ta sport maktabining maxsus guruhlarida (8 oygacha) murabbiylar bilan bepul shug‘ullanadi;
maxsus guruhlardagi professional sportga salohiyati bor yoshlar yo‘nalishiga ko‘ra viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabga qabul qilinadi (suzish, yakkakurash, o‘yin turlari va yengil atletika, badiiy gimnastika);
sport maktabi trenerlarining ish haqi 35 foizga oshiriladi. Bundan tashqari, yaxshi natija ko‘rsatgan maktab direktorlari, trenerlar va boshqa mutaxassislarga qo‘shimcha 50 foizgacha ustama to‘lanadi;
jamoaviy sport turlari bo‘yicha hududiy chempionatlarda sportchilari g‘olib bo‘lgan trenerlarga 5 foiz, respublika chempionatida – 20 foiz ustama beriladi;
viloyatdagi sport maktablari ixtisosligiga qarab olimpiya sport turlari bo‘yicha bazaga aylantiriladi.
Sportni rivojlantirish vazirligiga quyidagi topshiriqlar berildi:
- 279 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablaridagi shart-sharoitlar va trenerlarning malakasini joyiga borib o‘rganish hamda ularni olimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish;
- har bir sport maktabini o‘z hududidagi mahalla, maktab va texnikumlar bilan bog‘lab, ularda kamida 1 tadan olimpiya sporti to‘garaklarini tashkil etish;
- yil yakunigacha sportchilarni mahalladan boshlab tanlab olish bo‘yicha elektron platformani ishga tushirish;
- natija ko‘rsatgan mahallalarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
- sport maktablarini tibbiy asbob-uskunalar, dori darmon va sport kiyimlari bilan ta’minlash uchun joriy yilda 35 milliard so‘m ajratish;
- 1-sentabrgacha maktab, sport maktabi, kollej va oliygohlarning zallarini noolimpiya sport turlari klublariga bepul berish tartibini joriy etish topshiriqlari berildi.
Vazirlik va viloyat hokimlari yoshlarning 43 foizi (6 milliondan ortiq) ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shartligi ko‘rsatildi.

Yoshlarni sportga qamrab olish darajasi oshiriladi

Prezident yoshlarning sport maktablari bilan qamrovini 1,3 baravarga oshirib, 520 ming nafarga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Bundan tashqari, 69 ta tumandagi sport maktablarida kamida 20 ta, 47 tasida 15 ta, qolgan 91 tasida 10 ta olimpiya sport turlariga tayyorlashni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yil yakunigacha 508 ta mahallada ko‘p funksiyali sport maydonchalarini qurishga ko‘rsatma berildi.
“Yil yakuniga qadar 6 million nafar yoshlarni ommaviy sport bilan qamrab olish – bu siyosat”, - deydi prezident.
Mirziyoyev tuman-shahar hokimlari va sektor rahbarlari ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi kerakligi va bu borada so‘rov doimiy va qattiq bo‘lishini qayd etib o‘tdi.
Sportchilarni professional tayyorlash bo‘yicha tizim joriy etiladi
Unga ko‘ra:
kollejlar har bir viloyatda olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sifatida tashkil etiladi;
markazlar huzurida 5-9-sinflar uchun Olimpiya maktablari, 10-11-sinflar va 1-2-kurslar uchun Olimpiya va paralimpiya kollejlari bo‘ladi;
bolalar va o‘smirlar sport maktabida yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar Olimpiya maktabiga qabul qilinib, ta’lim oladi va chuqurlashtirilgan sport bilan shug‘ullanadi;
ixtisoslashgan sport maktablari bitiruvchilari kollejlarga 1-kursga qabul qilinib, tayyorgarlikning uzluksiz tizimi yaratiladi;
Sport vazirligi huzurida ilg‘or trener va xorijiy ekspertlardan iborat Murabbiylar kengashi tashkil etilib, musobaqalarda eng yuqori natijaga erishgan sportchilarni kollejlarga saralab oladi;
kollej bitiruvchilari Oliy sport mahorati institutiga qabul qilinadi.

Umumrespublika sport musobaqalari “tuman – viloyat – respublika” zanjiri asosida tashkil etiladi

Bundan buyon birlamchi saralash bosqichidan o‘tmagan sportchilar viloyat va respublika bosqichida ishtirok etmaydi. Milliy terma jamoalarga barcha bosqich musobaqalarida ishtirok etib g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan yoshlar saralab olinadi.
Har yili mahalla va muassasalar jamoalari ishtirokida ko‘p bosqichli Hokim kubogi tashkil qilinadi.
Shuningdek, xalqaro tajriba va standartlar asosida sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar o‘tkazish tartibi ishlab chiqiladi.
Mutasaddilarga quyidagi topshiriqlar berildi:
- olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorlash, ularni sog‘lom ovqatlantirish dasturlarini ishlab chiqish;
- kelgusi o‘quv yilidan boshlab Jismoniy tarbiya va sport universitetida sport diyetologiyasi, muhandisligi va kardiomashg‘ulotlar, Tibbiyot akademiyasida sport meditsinasi va farmakologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
- yiliga kamida 20 nafar mahalliy trener, sport shifokori va boshqa mutaxassislarni xorijda malaka oshirish tizimini joriy etish.
Qolaversa, jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uni takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Ma’lumot uchun, shu yili sport sohasiga 2 trillion 300 milliard so‘m ajratilgan. Shundan 1 trillion 200 milliard so‘m sport ta’lim muassasalariga yo‘naltirilgan.
Yozgi Osiyo o‘yinlari g‘oliblari qanday rag‘batlantiriladi
Yangiliklar lentasi
0