Hodisalar

Ertadan boshlab noyob astronomik hodisa - “sayyoralar paradi”ni kuzatish mumkin

© NASA / JPL-CaltechPyat planet vыstroilis v ryad na tselыy mesyats
Pyat planet vыstroilis v ryad na tselыy mesyats - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 10.06.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Ushbu noyob astronomik hodisa iyul oyi oxirigacha davom etadi.
TOSHKENT, 10 iyun — Sputnik. 11 iyundan noyob astronomik hodisa, 170 yilda bir marta sodir boʻladigan katta sayyoralar paradini koʻrish mumkin boʻladi. Bu haqda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Astronomiya instituti xabar berdi.
Aytilishicha, hozirgi kunlarda katta sayyoralar paradi sodir boʻlmoqda. Bu hodisada Quyosh sistemasidagi 7 ta sayyora ishtirok etmoqda va ular Yerdan turib kuzatilganda bir-biriga yaqin burchak masofada koʻrinadi.
Ushbu sayyoralar paradida Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun sayyoralari ishtirok etmoqda.
“Bulardan Uran va Neptun juda xiraligi uchun bizga koʻrinmaydi, lekin qolgan 5 ta sayyoralarini oddiy koʻz orqali bemalol koʻrishimiz mumkin”, deyiladi xabarda.
Paradning 11 iyundagi koʻrinishi
Bu sayyoralar taxminan 90 gradus maydonga oʻzaro joylashadi. Ushbu paradda 11 iyun hisobiga koʻra taxminan tungi soat 3:45 dan to Quyosh chiqishi vaqtiga qadar bir vaqtning oʻzida 4 ta sayyorani Venera, Mars, Yupiter va Saturn sayyoralarini janubiy-sharq tomonda koʻrish mumkin.
20 iyun kuni ushbu sayyoralar paradiga Oy ham qoʻshiladi. Ushbu astronomik hodisani tongga yaqin Quyosh chiqmasdan avval osmonning janubiy-sharq tomonda koʻrsa boʻladi.
Paradning 19-25 iyun kunlaridagi koʻrinishi
Ushbu paradda Merkuriy sayyorasi ham ishtirok etmoqda, lekin uning gorizontdan balandligi juda kichikligi uchun dastavval koʻzga koʻrinmaydi. Keyinchalik taxminan 19-25 iyun kunlari balandligi ortishini hisobiga Merkuriyni ham gorizontdan yuqoriroqda Veneraning chap tomonida koʻrish mumkin boʻladi.
24 iyunda taxminan ertalabki soat 4 lardan boshlab 6 ta osmon jismi: Merkuriy, Venera, Oy, Mars, Yupiter, Saturnlarni bir vaqtning oʻzida osmonning janubiy-sharq tomonda koʻrinadi.
Ushbu noyob astronomik hodisa iyul oyi oxirigacha davom etadi.
“Astronomik hodisalar, jumladan ushbu sayyoralar paradi inson taqdiriga, kelajagiga hech qanday taʼsir qilmaydi. Bu noyob astronomik hodisa xolos – bu hodisani shunchaki kuzatish va undan zavq olish kerak”, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, sayyoralar paradi bu noyob astronomik hodisalardan biri hisoblanadi. Bunda 2 va undan ortiq sayyoralar bir toʻgʻri chiziqda yoki bir-biriga yaqin burchak masofada joylashadi.
Sayyoralar paradi ikki guruhga boʻlinadi. Birinchi guruh kichik sayyoralar paradi deb ataladi va unda 4 tagacha sayyoralar qatnashadi. Kichik sayyoralar paradi bir yilda bir marta sodir boʻlishi mumkin.
Ikkinchi guruh esa katta sayyoralar paradi deb ataladi, bunda 5 ta yoki undan ortiq sayyoralar bir-biriga yaqin burchak masofaga kelishadi. Ushbu hodisa 18-20 yilda bir marta sodir boʻladi. Bundan tashqari, Quyosh sistemasidagi 8 ta sayyora ishtirokidagi parad ham boʻlishi mumkin, bu noyob astronomik hodisa 170 yilda bir marta sodir boʻladi.
Yangiliklar lentasi
0