O‘zbekiston va Afg‘oniston ta’lim sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

© Sputnik / Sergey Patakov / Mediabankka o‘tishStudenti
Studenti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.07.2022
Obuna bo‘lish
Afg‘onlarning respublika ta’lim muassasalarida o‘qishi yuzasidan bir qator loyihalar tayyorlandi.
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi doirasida afg‘onistonlik talabalarni O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlariga bag‘ishlangan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Sputnik muxbiriga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov ma’lum qildi.
Aytilishicha, Surxondaryo viloyatida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etildi.
Markaz negizida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan afg‘onistonlik mutaxassislar uchun qisqa muddatli kurslar va seminarlar o‘tkazilmoqda.
Bunday tadbirlarda Afg‘oniston huquq-tartibot idoralari vakillari va qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Bundan tashqari, markazda BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida “Transport va avtota’mirlash”, “Tikuvchilik ishi”, “Informatika va axborot texnologiyalari”, “Agrobiznes va marketing” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha professional o‘quv kurslari ochilishi kutilmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mana 60-yildirki afg‘on tillari – pushtu, dari, shuningdek, Afg‘oniston tarixi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlab kelmoqda.
Ayni paytda ta’lim muassasasining 250 nafar talabasi ushbu tillarni asosiy va ikkinchi xorijiy til sifatida o‘rganmoqda. Shu tariqa O‘zbekistonda o‘qish istagini bildirayotgan afg‘on yoshlari soni ortib bormoqda.
2021-2022 o‘quv yilida respublika oliy o‘quv yurtlarida afg‘onistonlik talabalar soni 223 nafarni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2020-yilga nisbatan qariyb 5 barobar oshdi.
Bundan tashqari, forumda ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari va ta’lim olayotgan afg‘on yoshlari sonini yanada oshirish, o‘quv markazlarida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Yangiliklar lentasi
0