Abituriyentlarning yarmidan ko‘pi o‘tish ballini to‘play olmadi - XTV munosabati

© SputnikAbituriyenti vo vremya vstupitelnix ekzamenov v vuzi
Abituriyenti vo vremya vstupitelnix ekzamenov v vuzi  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.08.2022
Obuna bo‘lish
2022 yilda OTMlarda o‘qish uchun imtihon topshirgan abituriyentlarning yarmidan ortig‘i ya’ni o‘tish balining eng past darajasini ham to‘play olmagan.
TOShKENT, 25 avg — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda 2022-yilda oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun imtihon topshirgan abituriyentlarning yarmidan ortig‘i ya’ni 550 ming nafari o‘tish balining eng past darajasi – 56 ballni ham to‘play olmagani jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
“Albatta, davlatimiz ravnaqi va kelajagi, xalqimizning faravon turmush tarzini ta’minlashda bugungi yosh avlod kamolotining o‘rni va ahamiyati naqadar muhim ekanligini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Shu boisdan bu borada kuyunchaklik bilan bildirilayotgan turli fikr-mulohazalarning ham juda o‘rinli ekanligini ta’kidlab o‘tamiz. Muhokama qilinayotgan ko‘rsatkichlar barcha test sinovlarida qatnashgan 1 milliondan ortiq abituriyentlarning natijalari ekanligiga ham e’tiborni qaratish lozim, deb hisoblaymiz”, - deyiladi xabarda.
Vazirlik taqdim etgan statistikaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2022-yilgi test sinovlarida ishtirok etgan jami abituriyentlarning 386 523 nafar yoki 24 %i joriy yilgi maktab bitiruvchilarini tashkil etadi. 810 mingdan ortiq yoki 76 % abituriyentlar kasb-hunar maktablari, akademik litseylar bitiruvchilari va eng asosiy qismi oldingi yillar davomida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinmagan yoshlardan iborat.
2021 yilda bitiruvchilarning o‘rtacha bali (samaradorlik ko‘rsatkichi) 2020-yilga nisbatan 69,8 balldan 74,9 ballga, ya’ni, +5,1 ballga oshgan. Shuningdek, past natija ko‘rsatgan (56,7 balldan kam) bitiruvchilarning ulushi 2021-yilda 2020-yilga nisbatan qariyib -13 % yoki -35 232 nafarga kamaygan.
Jumladan, 2020-yilda 56,7 balldan past natija ko‘rsatgan bitiruvchi-o‘quvchilar 138 780 nafar (yoki 46 %)ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 103 548 nafar (yoki 33 %)ni tashkil etgan.
“Albatta, hozirgi kundagi maktab bitiruvchilarining bilimi va ko‘nikmalari past ekanligini qayd etish kerak. Hozirgi kunda maktab ta’limida ta’lim mazmunini yangilash hamda pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha boshlangan qadamlar, sekin-astalik bilan bitiruvchilarning darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylaymiz”, - deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, hozirgi vaqtda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Davlat test markazi bilan hamkorlikda bitiruvchilarning maktab yakuniy davlat imtihonlari natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga kirishini tashkil etish, maktab bitiruv imtihonlarini unifikatsiyalashtirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2022-yilgi maktab bitiruvchilarining test sinovlarida egallagan o‘rtacha ball ko‘rsatkichlari Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida joriy yilning oktabr oyida to‘liq tahlil etiladi va jamoatchilikka yetkaziladi.
Huquqshunos va bloger Xushnudbekning yozishicha, 56,7 ball to‘plash uchun abituriyentlar majburiy blokdagi 10 ta savoldan 5️ tasiga, mutaxassislik blokidagi 30 ta savoldan 8️ tasiga javob berishi kifoya bo‘lgan.

“Shunda 58,1 ball olish mumkin edi. Kechirasizlar-u, buning nimasi qiyin? Majburiy blokdagi savollar o‘ta va o‘ta oson darajada bo‘lsa, mutaxassislik blokidagi 30 ta savollarning esa hammasiga bitta javob, masalan “A” variantini belgilasa ham 8 ta atrofida chiqsa, nahotki 550 ming abituriyent shuni ham eplay olmagan? Bu dahshat emasmi? Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, abituriyentlarning umumiy bilim darajasi ancha past”, - deydi Xushnudbek.

Yangiliklar lentasi
0