Rossiya TIV Armaniston va Ozarbayjonni vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi

© Sputnik / Natalya Seliverstova / Mediabankka o‘tishMinisterstvo inostrannix del Rossii
Ministerstvo inostrannix del Rossii - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.09.2022
Obuna bo‘lish
Rossiya TIV: Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilarining 2020-yil 9-noyabr, 2021-yil 11-yanvar va 26-noyabrdagi uch tomonlama bayonotlariga muvofiq o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz.
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Rossiya TIV Armaniston va Ozarbayjonni mojaroning yanada keskinlashuvidan tiyilish hamda Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining 2020-yil noyabr oyidagi bayonotlariga muvofiq o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishga chaqirdi.
Seshanbaga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarbayjon chegarasida jangovar harakatlar boshlandi, tomonlar bir-birini vaziyatni keskinlashtirishda ayblamoqda.
Yerevanning ma’lum qilishicha, Ozarbayjon harbiylari artilleriya va dronlar yordamida Armaniston hududini o‘qqa tutgan. Chegaradagi hududlar - Gegarkunik, Vayosdzor, Sunik viloyatlari o‘qqa tutilgan. Bu hududlarning Qorabog‘ga hech qanday aloqasi yo‘q.
Boku arman harbiylari Ozarbayjon qo‘shinlarining chegaradagi pozitsiyalarini o‘qqa tutgani, to‘qnashuv bo‘lganini ma’lum qildi. Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi Armanistonni tinchlik jarayonini buzishda aybladi. Har ikki tomon o‘z harbiylari orasida qurbonlar borligini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Armanistonda hozirda 49 qurbon bor.

“Biz tomonlarni vaziyatning yanada keskinlashuvidan tiyilish hamda Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilarining 2020-yil 9-noyabr, 2021-yil 11-yanvar va 26-noyabrdagi uch tomonlama bayonotlariga muvofiq o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz”, - deyiladi Rossiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Bundan tashqari, vazirlik 13-sentabrga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarbayjon chegarasining ayrim hududlarida vaziyatning keskinlashganidan o‘ta xavotir bildirishlarini ta’kidladi.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi chegaradagi vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan Armanistondan kelishuv bo‘yicha murojaat kelib tushganini tasdiqladi.

“Biz Boku va Yerevan bilan yaqin aloqadamiz. Armaniston rahbariyatidan vaziyatni mavjud ikki tomonlama kelishuvlarga muvofiq va KXShT orqali hal qilishda yordam berish so‘ralgan murojaatni oldik”, - deyiladi bayonotda.

2020 yil sentabr oyi oxirida Tog‘li Qorabog‘da jangovar harakatlar qayta boshlandi, bu uzoq muddatli mojaroning davomiga aylandi va tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib keldi. Tomonlar sulh tuzishga bir necha bor urinishgan, biroq 10-noyabrga o‘tar kechasi erishilgan uch tomonlama kelishuv muvaffaqiyatli bo‘lgan. Moskva vositachiligida Ozarbayjon va Armaniston o‘t ochishni to‘liq to‘xtatib, asirlar va o‘lganlarning jasadlarini almashishga kelishib olgan. Bundan tashqari, Yerevan Bokuga Kelbajar va Lochin viloyatlarini, shuningdek, urushlar oralig‘ida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi nazorati ostida bo‘lgan Agdam viloyatining bir qismini topshirgan. Mintaqada Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgan.
Yangiliklar lentasi
0