Inklyuziv sinflarga 161 nafar o‘quvchi qabul qilindi

© Samarqand shahar hokimligimaktab o‘quvchilari
maktab o‘quvchilari  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.09.2022
Obuna bo‘lish
Imkoniyati cheklangan bolalarni alohida maktablarda o‘qitmasdan, oddiy maktablarda ham ularni qabul qilish mumkin bo‘lgan sinflar tashkil qilinmoqda.
TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Yangi o‘quv yilida 194 ta maktabda inklyuziv sinflar ochildi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirda yangi inklyuziv maktablarning 88 tasida 114 ta sinf mavjud bo‘lib, ularga 161 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
Shuningdek, Nukus shahridagi 27-sonli hamda Navoiy shahridagi 5-umumta’lim maktablarida 2 ta boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ochildi. Ularga 18 nafar bir xil tashxisli o‘quvchi qabul qilindi. Qabul qilish jarayonlari o‘quv yili davomida ham muntazam ravishda amalga oshirib boriladi.
“Hozirgi kunda ota-onalar farzandini umumta’lim muassasasida ta’lim olayotgani, sog‘lom bolalar bilan birgaligidan hamda uyida - o‘z bag‘rida ekanligidan xursand. Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar maktabga borishni xohlaydi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar davom etadi”, deyiladi xabarda.
Inklyuziv ta’lim nima ?
Inklyuziv ta’limda o‘qish va o‘rganishda imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlanadi. Mazkur ta’limning muhim jihati shundaki, bolalar va o‘qituvchi bir-birlaridan o‘rganishadi hamda muammolarni birgalikda xal etishadi. Inklyuziv ta’lim tizimiga o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari kiradi.
O‘zbekistonda bu kabi bolalarni umumta’lim maktablarida sog‘lom tengdoshlariga qo‘shish, ularni jamiyatga erta moslashtirish maqsadida maktablarda sinov tariqasida inklyuziv sinflar ochilmoqda.
Inklyuziv ta’lim jarayonida erishilgan natijalar
O‘quv yili jarayonida aksariyat o‘quvchilar maktab sharoitiga moslashib, sog‘lom tengdoshlari bilan do‘stona munosabatga kirishgani kuzatildi. Ayrim o‘quvchilarda esa o‘quv yili boshida ta’lim jarayoniga moslashishda qiyinchiliklar uchradi. Maktab psixologi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi hamda ota-onalarning yordami bilan ushbu qiyinchiliklar yengib o‘tilib, o‘quv yili yakunida ijobiy natijalarga erishildi.
Ma’lumot uchun, 2021-2022 o‘quv yili yakuniga qadar respublika bo‘yicha 31 ta umumta’lim maktablarida tajriba-sinov tariqasida inklyuziv ta’lim tashkil etilgan edi. Mazkur maktablarda jami 87 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar 46 ta sinfda ta’lim-tarbiya oldi.
Shuningdek, Nukus, Andijon, Kogon va Urganch shaharlarida bittadan, jami 4 ta umumta’lim maktablarida boshlang‘ich tayanch korreksion sinflari tashkil etilib, bir xil tashxisli 35 nafar bolalar qamrab olindi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yili prezidentning tegishli qarori bilan, 2020-2025 yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2020-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlangandi.
Yangiliklar lentasi
0