O‘zbekistonda ayollarning har uch nafaridan biri ko‘p farzandli bo‘lishni istaydi - tadqiqot

© SputnikBolalar
Bolalar - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.10.2022
Obuna bo‘lish
Oilalarda tug‘ilishning ko‘payish omillarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazildi – tafsilotlar.
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekistonlik oliy ma’lumotli ayollar bir oila uchun ikki nafar farzand yetarli deb hisoblaydi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar ilmiy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Hamid Abduraimov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Oila va xotin-qizlar ilmiy tadqiqot instituti Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi bilan hamkorlikda 8-avgustdan 15-sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkentda sotsiologik tadqiqot o‘tkazgan.
Oilalarda tug‘ilishning ko‘payish omillarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot 15 ta shahar, 33 ta tuman va 204 ta mahallani qamrab oldi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda xotin-qizlarning aksariyati oilada farzandlar soni 3-4 nafar bo‘lishini ma’qul ko‘rishadi.

“Yana muhim bir jihat, xotin-qizlarning har uch nafaridan biri (32,2 %) ko‘p farzandli bo‘lishni istaydi”, - deydi Hamid Abduraimov.

Tadqiqotga ko‘ra, farzandli ayollarning 47,3 foizi yana 4 nafar, 38,6 foiz ayollar 3 nafar farzandli bo‘lishni rejalashtirishgani aniqlandi. Ko‘p farzandli bo‘lishni istovchilar ulushi 53,1 foizni tashkil etdi.
Ayollar uchun farzandni dunyoga keltirishning eng maqbul yoshi
To‘rt nafar va undan ko‘p farzand ko‘rishni rejalashtirish holati farzand ko‘rgunga qadar har uchinchi respondentga (28,5 %) xosligi keyingi yillarda ham O‘zbekistonda demografik o‘sish sur’ati yuqori darajada saqlanib qolishidan darak bermoqda.
O‘zbekistonda ayollar birinchi farzandini asosan 20-24 yosh oralig‘ida dunyoga keltirishni ma’qul ko‘rishadi. 27,1 foizi bu haqda o‘ylab ko‘rmaganliklarini, 13,2 foizi esa buni taqdir bilan bog‘lashlarini bildirishdi.
Tahlillar so‘nggi farzandni dunyoga keltirishning eng maqbul yosh oralig‘i 30-35 yosh ekanligini ko‘rsatdi. Deyarli 10 foiz xotin-qizlar so‘nggi farzandni 36-40 yosh oralig‘ida ko‘rishni istashadi. 30 foizi bu to‘g‘risida hali o‘ylab ko‘rmaganliklari, 19 foizi bu holat ularning istaklariga bog‘liq emasligini qayd etdi.
Ko‘p farzandli bo‘lishning asosiy omili
Ayollardan ko‘p farzandli bo‘lishning asosiy sababi so‘ralganida, ularning ota-onalarga keksalikda tayanch bo‘lishi asosiy omil sifatida aksariyat ayollar tomonidan aytib o‘tildi.
Ayrim hollarda oilada o‘g‘il farzand ko‘rish istagi farzandlar sonining ko‘p bo‘lishiga sabab bo‘luvchi asosiy omil hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, har o‘ninchi (10,6 %) respondent “diniy e’tiqod”ni ko‘p farzandli bo‘lishning asosiy omili sifatida ko‘rsatdi. Bu esa jamiyatda diniy meyor va qadriyatlarning o‘rni tobora ortib borayotganligidan dalolat beradi.
Oiladi farzanlar soni kimning qaroriga bog‘liq ?
Ayollarning o‘z reproduktiv xulq-atvorini o‘zi belgilashi, oilada nechta farzand ko‘rishni rejalashtirishi ularning ma’lumot darajasiga ham bog‘liq. Tadqiqot farzandlar soni o‘zining qaroriga bog‘liq emasligi holati o‘rta ma’lumotli ayollarda yuqori, oliy ma’lumotlilarda esa bir muncha past (26,5%) ekanligini ko‘rsatdi.
Olingan natijalarga ko‘ra, har yettinchi xotin-qizlar (15,3 %) 2 nafar farzand bitta oila uchun yetarli degan fikrni bildirdi. Bunday javob ko‘proq oliy ma’lumotli ayollarda qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, 77,5 foiz reproduktiv yoshdagi xotin-qizlar homiladorlikdan saqlanish bo‘yicha u yoki bu darajada xabardor. Ularning 64,4 foizi homiladorlikdan saqlanish to‘g‘risida yetarli darajada, 13,1 foizi qisman xabardorligini aytib o‘tdi. Shuningdek, 22,5 foiz ayollar bu borada ma’lumotga ega emas.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili respublikada tug‘ilganlar soni 905,2 ming nafarga yetgan. Xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2021-yilda tug‘ilish darajasi bo‘yicha “o‘rtacha yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoridan joy egallagan.
Yangiliklar lentasi
0