Maqsadimiz 10-yilda YaIMni ikki baravarga oshirish – Mirziyoyev

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.11.2022
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston rahbari xorijiy investorlarni o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni ishlab chiqish va birgalikda amalga oshirishga chaqirdi.
TOShKENT, 16 noya — Sputnik. O‘zbekiston 10-yil ichida yalpi ichki mahsulotni (YaIM) hozirgidan ikki baravarga oshirishni maqsad qilgan. Bu haqda mamlakat prezidenti Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida ma’lum qildi.
“Qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha amalga oshirgan islohotlarimiz natijasida so‘nggi 5-yilda iqtisodiyotimizga kirib kelgan xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, qariyb 40 milliard dollarni tashkil etdi. Biz 10-yil ichida yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgidan ikki barobarga oshirishni maqsad qilganmiz. Bunga erishish uchun bizda xohish-iroda ham, imkoniyat ham yetarli”, - dedi prezident.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu investitsiyalarni, eng avvalo, sanoat sohalarini modernizatsiya va transformatsiya qilish, ishlab chiqarish, kommunal va transport infratuzilmasini jadal rivojlantirishga yo‘naltirish uchun aniq loyihalar va dasturlar bor.
Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi davlat qaramog‘idagi an’anaviy sohalarga ham xususiy investitsiyalar jalb qilish kun tartibida turibdi.
“Biz xorijiy investorlarni o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni ishlab chiqish va birgalikda amalga oshirishga chaqiramiz. Sizlarni ishontirib aytmoqchimanki, Yangi O‘zbekistonda investorlar o‘zini erkin his qilishi, ertangi kunga katta ishonch bilan barqaror ishlashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz", - dedi u.
O‘zbekiston rahbari xorijiy investorlar bilan bilan uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli investitsion hamkorlik yangi bosqichga olib chiqilishiga ishonch bildirdi.
Ma’lumot uchun, 2021-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,4 foizga o‘sib, 734,6 trillion so‘mni tashkil etdi. 2020-yil bu ko‘rsatkich 580,2 trillion so‘mni tashkil qilgan edi.
Aholi jon boshiga hisoblangan YaIMning hajmi 21 million so‘mga yetdi. Bu esa 2020-yilgiga qaraganda 5,3 foziga ko‘proqdir.
Yangiliklar lentasi
0