Xodimlarning davomati va ish vaqti hisobi tabelini elektron shaklda qayd etish boshlandi

© Unsplash / HelloquenceRabota za kompyuterom
Rabota za kompyuterom - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.01.2023
Obuna bo‘lish
Davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish uchun elektron platforma ishga tushdi.
TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Xodimlarning davomati va ish vaqti hisobi tabelini elektron shaklda qayd etish boshlandi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish uchun elektron platforma ishga tushdi. U 1-yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, mahalliy hokimliklarda joriy etilmoqda.
Endilikda kadrlarga oid ish yurituv hujjatlari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilinadi va yuritiladi.
Platforma vacancy.argos.uz hamda my.mehnat.uz elektron dasturlari bilan integrallashgan. Xodimlar va mehnatga doir ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllanadi.
Platformada xodimlar davomati va ish vaqti hisobi tabeli, shuningdek, xizmat safari, mehnat ta’tili, mehnatga layoqatsizlik davri elektron shaklda qayd etib boriladi.
Shuningdek, xodimlarning ish faoliyati samaradorligi ham avtomatik baholanadi. Kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivi yuritiladi.
“Bunda davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini rivojlantirish bo‘linmalari burokratiya va ortiqcha qog‘ozbozlikdan xoli bo‘lgan vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektron tarzda amalga oshirish kabi qulayliklarga ega bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona elektron bazaga jamlangan holda axborot to‘planadi va unga ishlov beriladi.
Yangiliklar lentasi
0