O‘zbekistonda ilk bor joriy etilgan “yashil energiya” sertifikati nima uchun kerak

© Sputnik / Igor Ageyenko / Mediabankka o‘tishPlotina GES
Plotina GES - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.07.2023
Obuna bo‘lish
Endilikda yashil sertifikatlar birja savdosi orqali mahalliy va xorijiy hamkorlarga sotila boshlaydi.
TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. O‘zbekiston energetika tizimida ilk bor GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari joriy etildi. Bu haqda "O‘zbekgidroenergo" xabar berdi.
O‘zbekiston energetika tizimida birinchi bo‘lib “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi.
Endilikda yashil sertifikatlar birja savdosi orqali mahalliy va xorijiy hamkorlarga sotila boshlaydi.
Aytilishicha, 2030-yilga kelib iqtisodiyotda energiya samaradorligi 2 karra oshirilib, qariyb 50 milliard kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.
Hozirda “O‘zbekgidroenergo” tasarrufida 53 ta GES mavjud bo‘lib, umumiy gidroyenergetik quvvati 2 225 MVtga teng. Jamiyat tomonidan yiliga 7 mln dona “yashil energiya” sertifikatlari birjaga savdoga chiqarilishi hamda talabgorlarga taqdim qilish imkoniyati mavjud.
“Bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi”, deyiladi xabarda.

Jarayon qanday amalga oshiriladi?

O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan birja savdolarida “yashil energiya” sertifikatlarini sotishga mo‘ljallangan alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil qilingan bo‘lib, spot.uzex.uz sayti orqali “yashil energiya” sertifikatlarini sotuvga qo‘yib boradi.
Iste’molchi tomonidan “yashil energiya” sertifikatlarini xarid qilish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda shartnoma asosida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, ya’ni emitentga gidroyelektr stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasiga mos bo‘lgan hajmda sertifikat chiqarish bo‘yicha talabnoma yuboradi.
Ushbu talabnoma asosida Emitent jamiyat nomiga “yashil energiya” sertifikatlarining yagona elektron platformasida sertifikatlarni chiqarib beradi. Oxirgi bosqichda jamiyat tomonidan sertifikatlar Iste’molchi nomiga hisobdan chiqariladi.

Sertifikatlarning mamlakatga qanday foydasi bor?

I-REC sertifikatlari (“yashil energiya” sertifikatlari)ni sotish mamlakatga ekologik mas’uliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi.
Shuningdek, tabiiy ravishda O‘zbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi.
Ma’lumot uchun, “Yashil energiya” sertifikati (qayta tiklanadigan energiya sertifikatlari deb ham ataladi) quyosh, shamol, gidroyenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ma’lum miqdorda energiya ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjatdir.
Yangiliklar lentasi
0