Rossiya AQShning Kiyevga kassetali o‘q-dori yetkazib berish qaroriga munosabat bildirdi

© AP Photo / AP Photo / Sven KaestnerKassetnie boyepripasi
Kassetnie boyepripasi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.07.2023
Obuna bo‘lish
Zaxarova AQSh administratsiyasining ushbu o‘q-dorilarni Kiyev rejimiga yetkazib berish haqidagi qarorini AQShning Ukrainadagi mojaroni iloji boricha cho‘zishga qaratilgan deb atadi.
TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Rossiya TIV Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yuborilishi oqibatida tinch aholining halok bo‘lishiga AQSh javobgar bo‘lishini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik rasmiy vakili Mariya Zaxarova rasmiy bayonot berdi.
Zaxarova AQSh administratsiyasining ushbu o‘q-dorilarni Kiyev rejimiga yetkazib berish haqidagi qarorini AQShning Ukrainadagi mojaroni iloji boricha cho‘zishga qaratilgan, Rossiyaga qarshi harakatning yana bir ochiq ko‘rinishi deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu oddiy fuqarolarning qurbon bo‘lishidan qat’i nazar, Ukrainaning amaldagi hukumatining o‘lim talvasasini uzaytirishga qaratilgan uyatsiz urinishdir.

“Ukronatsistlarning bu xavfli quroldan “ehtiyotkorlik bilan” va “mas’uliyat bilan” foydalanish haqidagi “va’dalari” befoyda ekanligini Vashingtonda yaxshi tushunishadi. Har safar AQSh va NATO halokatli qurol tizimlarini Ukrainaga yuborganida, tinch aholi zarba ostida qoladi”, - deyilgan bayonotda.

Diplomat bunday o‘q-dorilarni Yaqin Sharq va boshqa mojarolarda qo‘llash tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ular uzoq vaqt portlamay qolishi va jangovar harakatlar tugaganidan keyin portlashi mumkinligini eslatdi. Shu yo‘l bilan AQSh haqiqatan ham hududni minalashda sherik bo‘lib, tinch aholi, jumladan, bolalar o‘limi uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga oladi, deya qo‘shimcha qildi u.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, kassetali o‘q-dorilar yetkazib berish Ukrainaning qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi fonida noumidlik ishorasi va ojizlik dalili kabi ko‘rinadi.

“Vashington va Kiyev umid qilayotgan navbatdagi “mo‘’jizaviy qurol”ning og‘ir oqibatlari haqida o‘ylamasdan yetkazilayotgani maxsus harbiy operatsiyaning holatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, maqsad va vazifalarga to‘liq erishiladi”, — deya xulosa qildi TIV vakili.

Kassetali bombalar havodan yoki yerdan uchirilishi mumkin. Ular portlaganda o‘ndan 600 tagacha yoki undan ko‘p zarrali kichikroq o‘q-dorilarni tashlaydi. Ba’zilari texnik sabablarga ko‘ra, portlamay qoladi. Bu tinch aholiga tahdid soladi: portlamagan bombalar jangovar harakatlar tugaganidan keyin tinch aholini o‘ldirishi yoki mayib qilishi mumkin bo‘lgan minalarga aylanadi va ularni aniqlash hamda yo‘q qilish qimmatga tushadi. Kassetali o‘q-dorilar 123 davlat ratifikatsiya qilgan xalqaro konvensiya bilan taqiqlangan, ammo AQSh va Ukraina ular ro‘yxatiga kirmaydi.
Yaqinda Pentagon Ukrainaga yangi 800 mln $ harbiy yordam to‘plamini e’lon qildi. Unga birinchi marta 155 mm DPICM kassetali o‘qlar kiritilgan.
Rossiya harbiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, UQK allaqachon Donbassni o‘qqa tutish paytida kassetali o‘qlardan foydalangan. Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkov ta’kidlaganidek, bu Ukraina qo‘shinlarining vazifasi imkon qadar ko‘proq tinch aholini o‘ldirishdan iborat ekanligidan dalolat beradi.
Yangiliklar lentasi
0