Tamaki va alkogol sotish qoidalari o‘zgardi: yangi qonun 26-avgustdan kuchga kiradi

© Sputnik / Konstantin Mixalchevskiy / Mediabankka o‘tishBokal vina
Bokal vina - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.08.2023
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqalishi hamda iste’mol qilinishini cheklashda MDH, Osiyo va Yevropa mamlakatlari qonunchiligi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi.
TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 26-avgustdan boshlab tamaki va alkogol mahsulotlarini sotish va iste’mol qilishda bir qator taqiqlar kuchga kiradi. Amaldagi yangi qoidalarning muhim jihatlari haqida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tamaki va ichimliklar sanoati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Rashid Tangriyev tushuntirib berdi.
Ertadan prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun kuchga kiradi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda donalab yoki ochilgan sigaretalar sotish, shuningdek, alkogol mahsulotlarini ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog‘larda, barcha turdagi jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida iste’mol qilish taqiqlanadi.
Rashid Tangriyevning so‘zlariga ko‘ra, tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ushbu sohani tartibga solishni yanada takomillashtirish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydigan, shuningdek, xalqaro standartlar, bugungi kun talablari va muammolariga to‘liq javob beradigan tegishli mexanizmlarni joriy etishni taqozo etadi.
Shu bois ilg‘or xalqaro tajribadan kelib chiqib, ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va muomalaga chiqarish sohasidagi mavjud meyoriy-huquqiy bazani takomillashtirishga qaror qilindi.
Yangi qonunni ishlab chiqishda bu boradagi xalqaro tajriba atroflicha o‘rganildi.

“MDH, Osiyo va Yevropa mamlakatlari qonunchiligi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi. Natijada xalqaro standartlar va bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqalishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi yangi qonun ishlab chiqilib, davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi”, - deydi Rashid Tangriyev.

Yangi qonun 6 bob va 45 moddadan iborat. Hujjatda bir qator asosiy jihatlar va joriy etilgan yangiliklarni ko‘rish mumkin.
Birinchidan, asosiy tushunchalar doirasi sezilarli darajada kengaytirildi va ilgari bozorda taqdim etilmagan bir qator yangi turdagi mahsulotlarga ta’riflar berildi. Bu tamaki va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish va qonuniy muomalada bo‘lish jarayonlarini yanada batafsil tartibga solish imkonini beradi, shu orqali sanitariya-gigiyena hamda boshqa texnik norma va qoidalarga rioya etilishini ta’minlaydi.
Ikkinchidan, alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’mol qilishni cheklash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi vakolatli davlat organlari belgilandi.
Yangi qonunga ko‘ra, ushbu sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishda hamda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha tadbirlarda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek, bevosita respublika fuqarolari sifatida ishtirok etish ta’minlanadi.

“Yangi qonunda ushbu sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishda bevosita ishtirok etuvchi 20 dan ortiq davlat organlarining huquq, burch va majburiyatlari hamda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha faoliyati aniq belgilab berilgan”, - deydi Tangriyev.

Uchinchidan, yangi qonunda alkogol va tamaki mahsulotlari, tamaki va nikotindan foydalanish uchun qurilmalarni sotish bo‘yicha bir qator cheklovchi choralar qabul qilindi.
Xususan, alkogol va tamaki mahsulotlarini, tamaki va nikotinni ishlatish uchun qurilmalarni sotish taqiqlanadi:
yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar;
sotuvchining bevosita ishtirokisiz, shu jumladan savdo avtomatlari, boshqa elektron yoki mexanik qurilmalar orqali;
o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish tokchalaridan;
elektron tijorat shaklida, shu jumladan, yakuniy iste’molchilarga istalgan usulda yetkazib berish (ko‘pikli va tabiiy vinolar bundan mustasno);
chiqish savdosi yo‘li bilan (qo‘llardan, tovoqlardan, savatlardan, qo‘l aravalaridan);
statsionar savdo obyektlaridan tashqarida;
iste’mol o‘ramisiz (paket, blok) - tamaki mahsulotlari va tamaki va nikotinni ishlatish uchun qurilmalarga nisbatan;
donalab yoki ochilgan (yaxlitligini buzgan holda) iste’mol o‘rami (o‘ram) - sigaret va isitiladigan tamaki mahsulotlariga nisbatan;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi meyoriy hujjatlar talablariga javob bermaslik va boshqalar.
Bundan tashqari, yangi qonun talablariga ko‘ra, nikotin va inson hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi boshqa moddalarning ruxsat etilgan maksimal darajadan oshib ketadigan tamaki, shuningdek, sanitariya-epidemiologiya talablari belgilanmagan tamaki mahsulotlari muomalaga chiqarilishi taqiqlanadi.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach, ya’ni 26-avgustdan kuchga kiradi. Ayrim toifadagi tovarlarning muomalasini taqiqlash bu qonun kuchga kirgan kundan boshlab to‘qqiz oy o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
"Yangi qonun nafaqat ushbu sohaga oid masalalarni, balki aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilar ehtiyojini qondirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini ham ta’minlaydi, bu shubhasiz, mamlakatning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi", - deya xulosa qildi Tamaki va ichimliklar sanoati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.
Yangiliklar lentasi
0