Imom-xatibning keshbek bo‘yicha chiqishi keskin munozaralarga sabab bo‘ldi —Musulmonlar idorasi

© Foto: GNK UzbekistanaKeshbek
Keshbek  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.08.2023
Obuna bo‘lish
Musulmonlar idorasi: “keshbek” to‘g‘risida chiqish qilgan imom-xatibning xatti-harakati ko‘rib chiqiladi.
TOShKENT, 25 avg — Sputnik. Imom-xatibning “keshbek” ilovalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarashlari uning o‘zboshimchalik ila aytgan shaxsiy fikridir. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkentdagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning soliqlar va “keshbek” ilovalaridan foydalanish to‘g‘risidagi chiqishi keskin munozaralarga sabab bo‘ldi.
Ayniqsa, savdo bilan shug‘ullanganlik uchun soliq to‘lash, kassa apparati ishlatish va “keshbek” ilovalarini joriy etish haqidagi imom-xatibning chiqishiga haqli e’tirozlar bildirildi.
“I.Begmatovning mazkur qarashlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmaydi, balki uning o‘zboshimchalik ila aytgan shaxsiy fikridir”, deyilgan xabarda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan ushbu faoliyat turi batafsil o‘rganilib, "keshbek" kabi ilovalar orqali kelib tushadigan mablag‘, mukofot yoki bonus joizligi haqida avvallari ikki marta fatvo berilgan. Bunda g‘arar (aldov) va ribo aralashmasligi shart qilingan.
“Haqiqatan, soliq iqtisodiyot asoslaridan biri bo‘lib, ijtimoiy himoya, xayriya ishlari, bog‘cha, maktab, mudofaa kabi aholi uchun zarur obyektlarni moliyalashtirish, shuningdek, yo‘l, ko‘prik va shifoxona singari ko‘pchilikka muhim inshootlarni qurish hamda pensiya, nafaqalar soliq tushumlari hisobidan amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, soliqlar har bir zamon va makonda mavjud bo‘lgan. Islom dinida ixtiyoriy xayriyalarga hadya, sadaqa kabilar kirsa, majburiylari qatoriga zakot, ushr, fitr sadaqa, fidya va jizya kabilar kiradi.
Islom tarixida ham mana shunday yig‘imlar hukumat ishlarini yuritish, yordamga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlikni ta’minlash, ko‘prik va shu kabi insonlarga manfaat keltiradigan inshootlarni barpo etishga sarflangan.
Xabarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini qonunchilik talablariga hurmat bilan yondashishga muntazam chaqirishi aytilgan. Jumladan, xalq manfaati va mamlakat taraqqiyotini ko‘zlab, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni doim qo‘llab-quvvatlaydi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yo‘naltirilgan hujjatlarda imom-domlalar amaldagi qonunchilik talablariga rioya etishlari, mehnat majburiyatlariga amal qilishlari hamda munozaraga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmasliklari qat’iy belgilab qo‘yilgan.
“Afsuski, Isoqjon Begmatov mazkur chiqishida meyoriy hujjatlar talablarini buzib, ushbu yo‘nalishdagi buyruqlar, ichki tartib qoidalar hamda mehnat majburiyatlariga amal qilmagani ma’lum bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi shu yil 25-avgust kuni Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatov xatti-harakatini ko‘rib chiqadi.
Yangiliklar lentasi
0