Dushanbeda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti bo‘lib o‘tdi

© Press-slujba Senata Oliy MajlisaMarkaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti
Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.09.2023
Obuna bo‘lish
Iqlim o‘zgarishi sharoitida gender tengligiga erishish muhokama etilib, bu masalada xalqaro moliya institutlari investitsiyalarini jalb qilish taklif qilindi.
TOShKENT, 15 sen — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish sharoitida gender tengligiga erishish” mavzusida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar qildi.
Tadbir Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi doirasida tashkil etildi.
© Press-slujba Senata Oliy MajlisaV Dushanbe sostoyalsya Dialog jenshin-liderov stran Sentralnoy Azii
V Dushanbe sostoyalsya Dialog jenshin-liderov stran  Sentralnoy Azii  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.09.2023
Tadbirda Qozog‘iston parlamenti spikeri o‘rinbosari, Qirg‘iziston Jo‘g‘orqu Kenesh torag‘asi o‘rinbosari, Tojikiston va Turkmaniston deputatlari, davlat organlari rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. BMT Xavfsizlik Kengashining Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi Ijroiya tuzilmasi rahbari va bosh kotibning maxsus vakili Natalya German videomurojaat qildi.
Yig‘ilishda iqlim o‘zgarishi sharoitida gender tengligiga erishish hamda barcha ayol va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelgusi konstruktiv hamkorlikni ta’minlaydigan platforma yaratish hamda dolzarb muammolarning samarali yechimiga qaratilgan strategiya va dasturlarni ishlab chiqish kabi masalalar muhokamalar markazida bo‘ldi. Tomonlar fikrlar, ma’lumotlar va tajriba bilan almashishdi.
Narbayeva o‘z so‘zida hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo dunyoning boshqa ko‘plab mintaqalariga qaraganda global iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini ko‘proq boshdan kechirayotganini, bu o‘z navbatida suv resurslari tanqisligini, muzliklarning erishini va cho‘llanish jarayonlarini tezlashtirayotganini qayd etdi.
“Orol dengizining qurishi va qurigan tubida Orolqum tuzli cho‘lining paydo bo‘lishi mintaqada kompleks ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqardi. Aynan shu sababli BMT Bosh Assambleyasi Orol fojiasini zamonamizning global ekologik muammosi sifatida tan oldi”, - dedi Senat raisi.
Narbayeva Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti faoliyatiga ham to‘xtaldi.
“Ushbu tuzilma gender tengligini ta’minlash borasida talab yuqori bo‘lgan takliflarni ishlab chiqishda muhim platformaga aylandi. Qisqa vaqt ichida Muloqot, avvalambor, davlatlar rahbarlari, shuningdek, BMT va uning ixtisoslashgan idoralari, Parlamentlararo Ittifoq, ShHT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinib, jiddiy qo‘llab-quvvatlandi”, - dedi Narbayeva.
Muloqotning ish rejasida mintaqada atrof-muhit bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish va genderga oid jihatlarni hisobga olgan holda ularni hal etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.
Shuningdek, gender kun tartibini ko‘p tomonlama formatda ekologik xatarlarni bartaraf etish maqsadida yanada keng ilgari surish, bunda xalqaro moliya institutlari investitsiyalarini jalb qilish taklif qilindi.
Ma’lumot uchun, mintaqaviy platforma hisoblangan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga 2020-yil dekabr oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan asos solingan. 2021-yilda muloqotga mamlakat raislik qilgan edi.
Yangiliklar lentasi
0