Mirziyoyev akademik Naim Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPochtena pamat Pervogo prezidenta
Pochtena pamat Pervogo prezidenta
 - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.09.2023
Obuna bo‘lish
Naim Karimov shu yil 17-sentabr kuni 91 yoshida vafot etdi.
TOShKENT, 18 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev akademik Naim Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
“O‘zbekiston ilm-fani va adabiyoti og‘ir judolikka uchradi”, - deyiladi xabarda.
Filologiya fani sohasida atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Naim Karimov shu yil 17-sentabr kuni 91 yoshida vafot etdi.
Naim Karimov 1932-yil 12-dekabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1955-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, ushbu oliy ta’lim muassasasining aspiranturasida tahsil oldi.
O‘z mehnat faoliyatini 1958-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti)da kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan olim ko‘p yillik ilmiy-ijodiy faoliyati davomida mazkur institutda katta va yetakchi ilmiy xodim, bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi. 1962-yilda nomzodlik, 1993-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2002 – 2008-yillarda “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi raisi hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbari, 2008-yildan ushbu muzeyning yetakchi ilmiy xodimi sifatida samarali mehnat qilib, ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shdi.
Naim Karimov XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli fundamental tadqiqot va izlanishlar olib borib, ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos maktab yaratdi. Xususan, ma’rifatparvar jadidlarning hayoti va faoliyati, XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari ijodiga bag‘ishlangan ko‘plab monografiya va tadqiqotlari, ma’rifiy romanlari hamda mingdan ortiq ilmiy maqolalari, qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari adabiyotshunoslik faniga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
U 2017-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Olim jahon adabiyotining bir qator sara asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilish barobarida, tarixiy mavzularda yigirmaga yaqin hujjatli filmlarni yaratishda ham faol ishtirok etdi.
Uning bevosita rahbarligida ko‘plab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.
Akademik “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan edi.
“Atoqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Naim Karimovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, - deyiladi xabarda.
Yangiliklar lentasi
0