Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolarini tabrikladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyeyev. Arxiv surat
Shavkat Mirziyeyev. Arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.10.2023
Obuna bo‘lish
Prezident 2024-yil Parijda bo‘lib o‘tadigan 33-olimpiya o‘yinlarida ham yuksak cho‘qqilar zabt etilishiga ishonishini ta’kidlagan.
TOShKENT, 9 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Avvalo, Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etib, yuksak natijalarni qo‘lga kiritganingiz bilan siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Sizlarning jonajon O‘zbekistonimiz sharafini himoya qilish yo‘lida keskin kurash olib borib, ulkan yutuqlarga erishganingiz, hech shubhasiz, barchamizni, ko‘p millatli xalqimizni cheksiz quvontirdi”, - deyiladi xabarda.
Tabrikda qayd etilishicha, Osiyo qit’asining 45 ta davlatidan 11 ming nafar sportchi ishtirok etgan bu musobaqalarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari o‘zlarining beqiyos mahorati, g‘ayrat va matonatini, g‘alabaga bo‘lgan yuksak intilish va irodasini namoyon etib, 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritganlari har qanday tahsinga sazovordir.
“Oltin medallar 31 nafar sportchimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, ularning teng yarmi – qizlarimiz hissasiga to‘g‘ri kelganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlashni o‘rinli deb bilaman. 132 nafar vakilimiz jami 71 ta medalni qo‘lga kiritib, o‘tgan Osiyo o‘yinlariga nisbatan rekord natijani qayd etganlari ham barchamizni quvontiradi”, - deyiladi tabrikda.
Ta’kidlanishicha, o‘zbekistonlik sportchilar Xitoy Taypeyi, Bahrayn, Shimoliy Koreya, Gonkong, Eron, Indoneziya, Qozog‘iston, Qatar, Singapur, Malayziya, Vyetnam, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin faxrli beshinchi o‘rinni egallaganligi O‘zbekiston sporti tarixida yana bir yorqin sahifa ochdi.
“Bo‘lib o‘tgan qizg‘in bellashuvlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Bahodir Jalolov, Jalgasbay Berdimuratov, Ulug‘bek Rashitov, Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, Diyora Keldiyorova, Taxmina Ikromova, Sevinch Rahimova, Vilana Savadan, Evelina Atalyans, Sharifa Davronova, Safina Sa’dullayeva, Muzaffar To‘raboyev, Olga Zabelinskaya, Shohmurod Xolmurodov, Nurislom To‘xtasin o‘g‘li, Umid Esonov, Artom Shturbabin, Hilola Ortiqboyeva, Muhsin Hisomiddinov, Zaynab Dayibekova, Pliyego Lara Mariya Paola, Xerrera Lara Luiza Fernanda, Guliston Perdebayeva, Anna Prakaten, Shehroz Hakimov, Dilshodjon Xudoyberdiyev, Davirjon Davronov, Alisher Turdiyev, Murodjon Yo‘ldoshev va boshqa sportchilarimizning nodir iste’dodi, mahorati va qobiliyatiga barcha sport muxlislari yana bir bor tan berdi”, - deyiladi prezident tabrigida.
Shuningdek, tabrikda o‘zbek qilichbozlik sportining iftixoriga aylangan Zaynab Dayibekova sablya jamoa dasturida Osiyo qit’asida tengsizligini, Anvar Klevleyev esa slalomda eshkak eshish bellashuvida aksariyat raqiblaridan kuchli ekanini amalda namoyon etganiga urg‘u berilgan.
“Ayni vaqtda navqiron farzandlarimiz kurash, dzudo, boks, yengil atletika, badiiy gimnastika bo‘yicha tengsiz, taekvondo, velosport, og‘ir atletika, futbol musobaqalarida esa yetakchilar safida ekanlarini amalda isbotladilar”, - deyilgan tabrikda.
Prezident 2024-yil Parijda bo‘lib o‘tadigan 33-olimpiya o‘yinlarida ham yuksak cho‘qqilar zabt etilishiga ishonishini ta’kidlagan.
Xanchjouda XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 08.10.2023
Xanchjouda XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi — foto
Yangiliklar lentasi
0