Bolalar zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilinadi – qonun loyihasi

© Unsplash / Annie Spratt Yig‘layotgan bola
 Yig‘layotgan bola - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.10.2023
Obuna bo‘lish
Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarga himoya orderi berilishi mumkin.
TOShKENT, 12 okt — Sputnik. “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi” qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatni Adliya vazirligi ishlab chiqqan.
Qonunning maqsadi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya hamda bulling bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari hisoblanadi.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini sodir etish taqiqlanadi hamda qonunga binoan ta’qib qilinadi.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning umumiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
himoya orderini berish;
zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarga huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatish;
zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek, o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar oilalarini mustahkamlash va qo‘llab quvvatlash;
bolani ota-onadan (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan) yoki ularning biridan, o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olish;
zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish;
jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash.
Himoya orderi vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi.
Himoya orderi o‘ttiz kun muddatgacha beriladi.
Himoya orderini topshirgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish zarurligi to‘g‘risida xabardor qiladi.
Qonun loyihasi muhokamasi 27-oktabrga qadar davom etadi.
Yangiliklar lentasi
0