Grippga qarshi vaksina olish qanchalik samarali — mutaxassis javobi

© Sputnik / Aleksandr Krajev / Mediabankka o‘tishVaksina olish jarayoni, arxiv surat.
Vaksina olish jarayoni, arxiv surat. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.10.2023
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonga Rossiyaning grippga qarshi “Grippol plyus” vaksinasi 2 mln 100 ming dozada olib kelindi.
O‘zbekistonda grippga qarshi emlash boshlandi. Mazkur mavsumda kimlar emlanadi? Grippga qarshi vaksinalarning samaradorligi qanday? Vaksinaning nojo‘ya ta’sirlari yo‘qmi? Shu va boshqa savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi epidemiologiya bo‘limi boshlig‘i Lyudmila Kudasheva Sputnik muxbiriga batafsil ma’lumot berdi.

Mazkur mavsumda kimlar emlanadi?

— Vaksinalar xavf osti guruhi, ya’ni jamoatchilik bilan ishlaydigan aholi qatlami: o‘qituvchilar, tarbiyachilar, tibbiyot xodimlari, mehribonlik va saxovat uylari xodimlari va u yerlarda istiqomat qiluvchi shaxslarga bepul qilinadi. Xususan, prezident qaroriga asosan 2023-yilning avgust-sentabr oylarida jami 2 million 100 ming doza grippga qarshi “Grippol plyus” vaksinasi (Rossiya Federatsiyasi) olib kelindi. 150 ming 230 nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 509 ming 443 nafar o‘rta ta’lim maktablari, 491 ming 837 nafar tibbiyot xodimlari va 948 ming 490 nafar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari grippga qarshi bepul markazlashgan holda emlanadi.

Mazkur vaksinaning xavfsizlik darajasi qanday? Nojo‘ya ta’sirlari yo‘qmi?

— Rossiyaning “Grippol Plyus” vaksinasi O‘zbekistonda 10-yildan ortiq vaqtdan beri qo‘llanilmoqda. Vaksina ishlatilgan yillar davomida o‘z samaradorligini isbotlagan. Bu yilgi emlash tadbirlari ham 25-sentabrdan boshlandi. Vaksinani olish ixtiyoriy bo‘lishiga qaramasdan, 16-oktabr holatiga 59,1% xodimlar emlanib bo‘lgan. Raqamlarni keltiradigan bo‘lsam, 337 ming 532 nafar (68,6%) tibbiyot xodimlari, 109 ming 651 nafar (73,0%) maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari, 361 ming 316 nafar (70,9%) o‘rta ta’lim maktablari xodimlari va 433 ming 83 nafar (45,7%) davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini – jami 1 million 241 ming 582 nafar xodim grippga qarshi emlandi. Emlashdan keyin kuzatiladigan nojo‘ya holatlar ro‘yxatga olinmagan. Foydalanishning butun davri davomida emlashdan keyingi asoratlar kuzatilmagan.

“Grippol Plyus” vaksinasini necha yoshdan qabul qilish mumkin?

— Ushbu vaksina 6 oylikdan boshlab bolalar, o‘smirlar va kattalarda yosh cheklovlarisiz grippning o‘ziga xos profilaktikasi sifatida tavsiya qilinadi. Emlash har yili kuz-qish davrida amalga oshiriladi. Gripp bilan kasallanishning epidemik ko‘tarilishining boshida emlash muhim. 3 yoshdan oshgan bolalar, o‘smirlar va kattalar uchun vaksina mushak ichiga yoki chuqur teri ostiga yelkaning tashqi yuzasining yuqori uchdan bir qismiga (deltoid mushak), kichikroq bolalar uchun esa sonning anterolateral yuzasiga mushak ichiga yuboriladi.

Grippga qarshi vaksinalar samaradorligi necha foizni tashkil etadi?

— “Grippol Plyus” vaksinasi grippning oldini olish uchun mo‘ljallangan. Vaksinaning antigenik tarkibi har yili epidemik vaziyat va JSST tavsiyalariga muvofiq o‘zgaradi. Vaksina grippga qarshi yuqori darajadagi o‘ziga xos immunitetning shakllanishiga olib keladi. Emlashdan keyin himoya ta’siri (immunitet), qoida tariqasida, 8-12 kundan keyin yuzaga keladi va 12 oygacha davom etadi. O‘rtacha 80%. Turli yoshdagi odamlarni emlashdan keyin gripp viruslariga qarshi antigenlarning himoya titrlari emlangan odamlarning 75-95 foizida aniqlanadi.

Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar bormi?

— Ha, albatta. Oqsilga va emlash komponentlariga allergik reaksiyalari mavjud bo‘lgan fuqarolarga “Grippol Plyus” vaksinasini olish taqiqlanadi. Lekin sog‘lom odamlarda ham og‘riq, tana haroratini ko‘tarilishi, holsizlik kuzatilishi mumkin. Bundan zinhor cho‘chish kerak emas, begona oqsil organizmga kirganda organizm unga munosabat bildirishi bu tabiiy hol.
Yangiliklar lentasi
0