Mirziyoyev O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Uzbekistana vstretilsya s sootechestvennikami
Prezident Uzbekistana vstretilsya s sootechestvennikami   - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.10.2023
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev o‘zbek tilining haqiqiy fidoyisi va do‘sti bo‘lgan barcha zahmatkash va jonkuyar insonlarga chin qalbdan minnatdorlik bildirgan.
TOShKENT, 21 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Siz, azizlarni jonajon yurtimizda keng nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Hech shubhasiz, azaliy qadriyatlarimiz gultoji bo‘lgan ona tilimiz asrlar sinovidan bezavol o‘tib kelayotgan buyuk va bebaho ma’naviy boyligimizdir”, - deyiladi tabrikda.
Tabrikda aytilishicha, keyingi yillarda o‘zbek tili nufuzli xalqaro anjumanlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan muntazam yangrab kelayotgani barchaga g‘urur-iftixor bag‘ishlash bilan birga, dunyoda o‘zbek tilini o‘rganishga intilayotgan insonlar safini ham tobora kengaytirmoqda.
“Bugungi quvonchli ayyomda jahondagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tilining obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz haqida so‘z yuritib, kelgusidagi muhim vazifalarimizni belgilab olishimiz tabiiydir. Bu haqda gapirganda, avvalo, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati zamon talablari asosida tashkil etilib, barcha sohalarda davlat tilida ish yuritish sifatini yaxshilash, xususan, axborot-kommunikatsiya yo‘nalishida uni faol qo‘llash borasida ijobiy natijalarga erishilayotganini ta’kidlash lozim”, - deydi prezident.
Aytilishicha, keyingi yillarda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Alisher Navoiy qomusi”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”, “Falsafa” qomusiy lug‘ati, “O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasi”, “Islom ensiklopediyasi”, “Ma’naviyat: asosiy tushunchalar lug‘ati”, “Pedagogika: ensiklopediya”, “Tarix atamalari lug‘ati”, “Adabiyotshunoslik lug‘ati”, “Yuridik atamalar lug‘ati” kabi 40 dan ziyod fundamental kitoblar nashr etilgani muhim qadam bo‘ldi.
“Shular qatorida o‘zbek tilining elektron milliy korpusi va dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish, o‘zbek tilini internet tarmog‘ida ommalashtirish va munosib o‘rin egallashini ta’minlash, davlat tilini o‘rgatishga hamda matn tahririga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha ham jiddiy ishlar olib borilayotganini qayd etish zarur”, - deyiladi tabrikda.
Qayd etilishicha, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash hajmi hamda ilmiy tadqiqotlar soni ortib bormoqda. Hozirgi kunda jami 33 ta oliygohda ushbu mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida 7 ming nafardan ziyod fan nomzodlari va doktorlari, professor-o‘qituvchilar o‘zbek tili va adabiyotidan dars bermoqda.
Agar 1992–2012 yillarda, ya’ni 20-yil mobaynida bu ixtisoslik bo‘yicha 730 ta ilmiy ish himoya qilingan bo‘lsa, so‘nggi 10-yilda bu raqam 792 tani tashkil etdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Respublikadagi mavjud 1453 ta ommaviy axborot vositasi hamda yuzlab veb-saytlar orqali qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, turkman, koreys, turk, arab, ingliz, nemis va boshqa tillarda ham materiallar e’lon qilinmoqda.
“Biz O‘zbekistonni tenglik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyoriga aylantirish maqsadida turli millatga mansub fuqarolarimizning til sohasidagi huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz”, - deydi prezident.
Mirziyoyev o‘zbek tilining haqiqiy fidoyisi va do‘sti bo‘lgan barcha zahmatkash va jonkuyar insonlarga chin qalbdan minnatdorlik bildirgan.
Yangiliklar lentasi
0