Mikroqarzlarning eng yuqori miqdori 100 mln so‘mgacha oshiriladi — prezident qarori

© Depositphotos.com / TatiantmarieMilliy valyuta
Milliy valyuta - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.11.2023
Obuna bo‘lish
2024 yil 1-yanvardan mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshiriladi.
TOShKENT, 11 noya — Sputnik. “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ-364-son, 10.11.2023 y) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 2024–2026 yillarda quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga qaratilgan mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturi amalga oshiriladi:
mikromoliyalash bozori hajmini kamida 5 barobarga oshirish;
mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 milliondan ortiq tadbirkorlarni qamrab olish;
mikromoliya tashkilotlari resurs bazasida jismoniy shaxslardan jalb qilinadigan mablag‘lar miqdorini 2 barobarga oshirish;
mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali rasmiy daromadga ega bo‘lmagan 500 mingga yaqin shaxslarni o‘zini o‘zi band qilish va biznesni rivojlantirishga ko‘maklashish.
2024 yil 1-yanvardan:
mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshiriladi;
nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi;
mikromoliya tashkilotlariga norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi;
jismoniy shaxs bo‘lgan ishtirokchilardan (aksiyadorlardan) ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritilgan hissa summasining yoki ularning egaligidagi aksiyalar nominal qiymatining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda qarz mablag‘larini jalb etishga ruxsat beriladi;
mikromoliya tashkilotlari tegishli litsenziya olgan holda to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10 foizlik ulushni 20 foizga oshirish orqali yumshatiladi.
Bunda, olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etiladi:
mikromoliya tashkilotlariga tijorat banklaridan kredit resurslari jalb etilganda yoki tadbirkorlik subyektlariga mikromoliya tashkilotlaridan mikrokredit olinganda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ kafilligini berish imkoniyati yaratiladi;
tijorat banklariga mikromoliya tashkilotlariga kredit ajratishda ularning ko‘rsatilgan mikromoliyaviy xizmatlari bo‘yicha talab qilib olish huquqini garovga olish huquqi beriladi.
2024 yil 1-aprelgacha mikromoliya xizmatlari sohasiga ixtisoslashgan yangi mikromoliya tashkiloti tashkil etiladi.
2024 yil 1-yanvargacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqiladi.
Yangiliklar lentasi
0