Investitsiyalarni jalb qilish va energetika tizimidagi rejalar ma’lum qilindi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaObsujdeni voprosi realizatsii investitsionnoy politiki i razvitiya "zelenoy" energetiki v novom godu
Obsujdeni voprosi realizatsii investitsionnoy politiki i razvitiya zelenoy energetiki v novom godu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.01.2024
Obuna bo‘lish
Yangi yilda investitsiya siyosatini amalga oshirish va “yashil” energetikani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
TOShKENT, 3 yanv — Sputnik. Bu yil quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvati 2,6 gigavattga, shamol elektr stansiyalari quvvati esa 900 megavattga yetkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ulushini ko‘paytirish bo‘yicha 2023-yilda qilingan ishlar va 2024-yilga mo‘ljallangan rejalar taqdimoti o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil yakuni bilan jami 22 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan, bu avvalgi yilga nisbatan 1,8 barobar ko‘p.
“Amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinar ekan, joriy yilda xorijiy investitsiyalar hajmini yanada ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Bunda asosiy e’tiborni elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va charm tarmoqlariga qaratish topshirildi”, —deyiladi xabarda.
Shuningdek, yirik investorlar bilan manzilli ishlash, investitsiyalarni jalb qilishda iqtisodiy diplomatiyani va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishtirokini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
“Yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirishda hududlardagi maxsus zonalardan hamda sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Tarmoq va hududlar rahbarlari investitsiya masalalarini hal etishda sanoat tarmoqlari bilan yaqindan ishlashi, asosiy e’tiborni hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yangi ish o‘rinlarni ko‘paytirishga qaratishi shartligi qayd etildi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan samarali foydalanish va ularni o‘z vaqtida o‘zlashtirish, ushbu mablag‘larni ustuvor ravishda ijtimoiy, infratuzilma hamda suv xo‘jaligi loyihalariga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, bu yilda grant mablag‘larini jalb qilishni faollashtirib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish vazifalari belgilab berildi.

“Yashil” energetikani rivojlantirish

2024 yilda quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 2,6 gigavattga, shamol elektr stansiyalari quvvatini 900 megavattga yetkazish va 400 megavattlik energiya saqlash qurilmalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari elektr energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida o‘zgaruvchan ishlab chiqarish quvvatlari qo‘shilishini inobatga olgan holda tarmoqlarni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Bunda mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish, yangi podstansiyalar, uzatish tarmoqlarini qurish, zamonaviy avtomatlashtirilgan himoya tizimlarini, raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlarini (SCADA/EMS) joriy etish, zaxira quvvatlari va energiya saqlovchi tizimlarning tarmoqdagi ulushini ko‘paytirish chora-tadbirlarini belgilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish

Energetika tarmog‘iga investitsiya kiritayotgan asosiy xorijiy hamkorlar bilan manzilli ishlash va investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirish maqsadida Energetika vazirligining bu boradagi faoliyatini takomillashtirish topshirildi.
Xalqaro tajriba asosida qishloq xo‘jaligi yerlarida mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun quyosh panellarini o‘rnatish va elektr energiyasini ishlab chiqarish – agrovoltaika amaliyotini joriy etish imkoniyatini o‘rganish va ushbu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq takliflar kiritishga ko‘rsatma berildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda quyosh, shamol va gibrid turdagi elektr stansiyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish bo‘yicha umumiy quvvati 6,3 gigavatt bo‘lgan 28 ta loyiha doirasida ish olib borilmoqda.
Shundan 2023-yilda xorijiy investorlar bilan birgalikda umumiy quvvati 2,6 gigavattlik 7 ta loyiha doirasida dastlabki quvvatlar ishga tushirildi.
Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida beshta quyosh fotoelektr stansiyasi, Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasi quvvatlari tarmoqqa ulandi. Bundan tashqari, ayni paytda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy kabi mamlakatlarning kompaniyalari bilan hamkorlikda “yashil” stansiyalar va energiya saqlash tizimlarini barpo etish bo‘yicha 12 loyiha ustida ish olib borilmoqda.
Yangiliklar lentasi
0