Onkologiya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.01.2022
Bu qiziq
Ushbu ruknimizda ilm-fan, inson sog‘ligi, foydali va zararli oziq-ovqatlar, parhez taomlar, shifokorlar maslahati va boshqa barcha uchun qiziqarli ma’lumotlar bor.

XXI asr epidemiyasi: telefonga qaramlik bolalar salomatligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

CC0 / Unsplash / ROBIN WORRALLMobilniy telefon
Mobilniy telefon  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.01.2024
Obuna bo‘lish
Qayd etilishicha, telefon yoki planshet ishlatganda uni kamida 40-50 sm masofada va ko‘z balandligida ushlash kerak.
TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 5-16 yoshdagi bolalar kuniga 3 soatdan 8 soatgacha vaqtini telefon qarshisida o‘tkazadi. Buning natijasida ularda telefonga qaramlik, undan ayrilib qolishdan qo‘rquv hissi paydo bo‘ladi, deydi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov.
Mutaxassisga ko‘ra, XXI asr epidemiyasi deya ta’riflanuvchi bu kasallik “nomofobiya” deyiladi.
Nomofobiya bolalar orasida eng ko‘p tarqalgan psixologik kasalliklardan biriga aylanishga ulgurdi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, gadjetlarga bo‘lgan tobelik darajasi, ayniqsa, u kichik yoshdan shakllanib kelgan bo‘lsa, hatto, narkoqaramlikdan ham kuchliroq bo‘lishi mumkin ekan. Telefondan uzoq vaqt davomida betartib foydalanish insonning ham jismoniy, ham ruhiy salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Birinchidan, telefonlar inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan elektromagnit to‘lqinlar chiqaradi. To‘lqinlardan nurlanishning zarari kichik yoshdagi bolalar uchun yanada kuchliroq bo‘lib, bu ularda keyinchalik immunitetning pasayishi, asab tizimida muammolar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Gadjetlardan uzoq vaqt davomida foydalanishdan aziyat chekadigan asosiy organlardan biri – bu ko‘zlar. Bolalar bir daqiqada o‘rtacha 18-20 marta mijja qoqadi. Bu ko‘zlarni namlantirib, ular zo‘riqishining oldini oladi.
Aksariyat hollarda bolalar telefon ekraniga yaqin masofadan tikilib o‘yin o‘ynaydi, video ko‘radi. Bunda ular mijja qoqishni unutadi va natijada ko‘z zo‘riqishni boshlaydi. Bu esa ko‘z olmasining o‘sib ketishi, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik (miopiya), g‘ilaylik, ko‘zning surunkali yoshlanishi yoki qizarishi, ko‘z qurib qolish sindromi kabi muammolarga olib kelishi mumkin.
Ota-onalar va bolalar buni darrov payqashmaydi. Ko‘pincha gadjetlardan uzoq vaqt davomida foydalanish oqibatida kelib chiqqan ko‘z kasalliklari bolalar maktabga chiqishi, ayrim hollarda esa hatto o‘smirlik davrida, masalan harbiy xizmatga jo‘nashdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonida aniqlanadi.
Ayrim bolalar va o‘smirlar uyqudan oldin, ba’zida esa uxlamasdan qorong‘i xonada telefonga termulib chiqadi. Bunday bedor tunlar surunkali tus olsa, keyinchalik uyqusizlik, diqqatni bir joyga jamlay olmaslik va hatto ko‘rlikka olib kelishi mumkin.
Gadjetlar qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazish bolada umurtqa pog‘onasi, bo‘yin bilan bog‘liq turli xastaliklar rivojlanishi xavfini ham tug‘diradi.
Qayd etilishicha, telefon yoki planshet ishlatganda uni kamida 40-50 sm masofada va ko‘z balandligida ushlash kerak.
Telefondan uzoq vaqt davomida foydalanish bolaning ruhiy holati va ijtimoiy moslashishida ham muammolarga olib keladi. Gadjetlar atrof-muhitni endi idrok etayotgan bolaning to‘laqonli ijtimoiylashuviga to‘sqinlik qiladi. Telefon “ichiga kirib ketib”, tashqi dunyodan uzilib qolish tufayli unda keyinchalik boshqalar bilan kommunikatsiya qilishda jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Xulosa qilinishicha, bolalarning salomatligiga putur yetishi va yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish uchun ular telefonlardan qancha vaqt va nima maqsadda foydalanayotganini nazorat qilish zarur.
Yangiliklar lentasi
0