Endi bolalarga ham himoya orderi berilishi mumkin

© Fotolia / SdecoretSsena domashnego nasiliya. Illyustrativnoe foto
Ssena domashnego nasiliya. Illyustrativnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.02.2024
Obuna bo‘lish
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari amaldagi uchtadan oltitaga oshirilmoqda.
TOShKENT, 27 fev — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarga ham himoya orderi berish taklif etildi, deb yozmoqda quyi palata matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, deputatlar bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Qonun loyihasi yuzasidan so‘zga chiqqan Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorovning so‘zlariga ko‘ra, hujjat bilan bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

"Bola yoki unga zo‘ravonlik bo‘layotganini ko‘rgan odam qayerga murojaat etishni bilmaydi. Juda ko‘p tashkilotlar bunga mas’ul, lekin buning yagona birlashtirib turadigan aloqa kanalini ta’minlab beradigan yagona tizim mavjud emas", —dedi Olloyorov.

Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif etilmoqda.
Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga ta’rif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.
“Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Mazkur qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut joriy qilinmoqda. Ya’ni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda.
“Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Bundan tashqari, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi, ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakli, shu jumladan, jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda.
Zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar toifalarining (yetim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalar) qonun loyihasida aniq belgilab berilgan.
Bu esa sohadagi vakolatli organlarga zo‘ravonlikdan jabrlangan, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishiga yordam beradi.
Loyihada shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning huquqlari hamda ularni zo‘ravonlikdan himoya qilishning umumiy va yakka tartibdagi chora-tadbirlari belgilanmoqda. Xususan, zo‘ravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalari, internet jahon axborot tarmog‘i, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, loyihaning qabul qilinishi quyidagilarga xizmat qiladi:
bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish;
bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish;
zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan bir ovozdan qabul qilindi.
Yangiliklar lentasi
0