22:00 31 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Analitika
Havola olish
109191

"Toshkentda oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha anjumanga dunyo hamjamiyati odatdagi bir tadbir sifatida qaradimi? AQShdan qattiqroq pozitsiya kutilgan bir vaqtda nega bunday boʻlmadi? Nega Afgʻoniston mavzusi yana siyosat maydoniga olib chiqildi?", degan savollar bilan Sputnik muxbiri sharqshunos olim Muhammadjon Qodirovga murojaat qildi

Siyosatshunos Qodirov Toshkentda boʻlib oʻtgan "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" anjumanini "Tolibon"ga rasmiy murojaat deya baholadi.

Toshkent anjumanida urush va buzgʻunchilik, olov iskanjasida qolgan Afgʻoniston xalqiga dunyo hamjamiyati tomonidan tinchlik qoʻli uzatildi. 

Afgʻoniston mavzusi koʻp yillar davomida Oʻzbekiston va uning aholisi uchun yopiq boʻlgan. Bu fakt Afgʻoniston boʻyicha Toshkent anjumani boshlanishi arafasida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan matbuot-markazda ekspertlar tomonidan aytib oʻtildi. Qolaversa, matbuot-markazga taklif etilgan spikerlar hamda anjuman ning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston rahbari tomonidan nega bugun "jafokash afgʻon xalqi" atamasi qoʻllanilayotgani borasida ham izohlar berib oʻtildi.

Xususan, Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov Afgʻoniston urushining uch bosqichi haqida maʼlumotlarga toʻxtalib oʻtgan boʻlsa, Oʻzbekiston prezidenti "urush olovi" afgʻon xalqiga chetdan tiqishtirilgani, bu uning tanlovi emasligini taʼkidladi, Senat raisi birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev oʻz chiqishi davomida 20 yilda Afgʻonistonning 11 nafar rahbari — u qirol boʻladimi yo prezident yoki otib oʻldirilgan yoki fitna va toʻntarish natijasida oʻz lavozimidan ketganini eslatib oʻtdi.

Sharqshunos Qodirovga koʻra, 26-27 mart kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan anjuman — oʻzbek diplomatiyasi jonlanganidan darak beradi. "Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar oʻz muammolari bilan andarmon boʻlgan bir vaqtda Oʻzbekiston tomonning ushbu tashabbusi — eʼtirofga sazovor", — dedi u.

Shu bilan birga ekspert Ashraf Gʻanining "Qobul jarayoni"da "Tolibon"ni siyosiy partiya sifatida tan olishi, ular bilan muloqot qilishga va kerak boʻlsa pasport berishga tayyorligi, agar toliblar quroldan voz kechsa, mehnat qilishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishi haqidagi qarorini ijobiy baholadi.

Ammo Qodirov anjumanda soʻzlagan nutqi davomida poʻpisadan foydalangan va bu bilan Ashraf Gʻanining bir muddat ilgari aytilgan gaplariyu, Toshkent anjumani ishtirokchilari oʻz oldilariga qoʻygan maqsad va vazifalarini puchga chiqarishga harakat qilgan AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Tomas Shennonning nutqini shoshilinch nutq deya baholadi.

Shennon agar "Tolibon" harakati vakillari muzokaralar stoli atrofida jamlanmasa, AQSH toliblar bilan kurashishni davom etishini taʼkidlagan edi.

"Oʻzbekiston tomonning tashabbusi eʼtirofga loyiq, bu shubhasiz. Tinchlik sulhini taklif etish uchun "Tolibon"ga shart qoʻymanglar deb aytilayotgan va "Tolibon"dan ham shunday harakatlar kutilayotgan bir vaqtda oldindan shart eʼlon qilish kerak emas. Hamma mamlakatlar ushbu anjumanda yordamga tayyormiz deb turgan vaqtda, AQSH zoʻrlik ishlatish bilan tahdid qilishi kerak emas", — dedi Qodirov.

Ekspert dunyo OAVlarining anjumanga reaktsiyasida tanqidiy munosabatlar boʻlmaganini, aksincha barcha ijobiy baholashganini ham qoʻshimcha qildi.

"Albatta, boshida barcha ekspertlarni qiziqtirgani kabi "Tolibon"ning anjumanga kelish-kelmasligi masalasi meni ham befarq qoldirmadi, "Tolibon"ning Toshkentga nega kelmasligi dunyo OAVlarida keng yoritildi, ammo Toshkent anjumani — boʻlajak muzokaralar uchun maydon hozirlaganining oʻzi ham eng katta ish sifatida eʼtirof etish shart".

Ekspert shuningdek, toliblar birlashmagan guruhlardan iborat harakat ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

"Yengilib kelayotgan "Islom davlati" jangarilari Afgʻonistonning Oʻzbekistonga chegaradosh boʻlgan qismida pushtunlar ichida ish olib borayotgani haqida maʼlumotlar bor. Bu yerda "ID" hech qanday pozitsiyaga ega emas, ularning puli bor, xolos. Har biri 20-40 kishilik guruhdan iborat birlashmagan toliblarning qoʻlida esa qurol bor. Toliblar guruhlari katta bir diviziya yeki polk darajasida ham emas. Lekin qoʻlida quroli boʻlgandan keyin har biri oʻziga xon oʻziga bek boʻladi. Qoʻmondonlik, bir markazga boʻysunish, intizom yoʻq chunki", — dedi ekspert va toliblarning umumiy bir vakili yoʻqligini qoʻshimcha qildi.

Ekspert jurnalist bilan suhbatda Afgʻoniston aholisining toʻrtdan uch qismini yoshlar (taxminan 75%) tashkil etishini aytdi va taʼlim masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi.

"Nafaqat afgʻon yoshlarini, balki "Tolibon" harakati vakillarini ham oʻqitish kerak. Ularni oliygohlarga turli fakultetlarga joylash kerak. Balki oʻshanda urushlar barham topib, toliblar oilasi aʼzolarida ham tirikchilikka umid paydo boʻlardi. Tinchlik boʻlgan joyda chet el qoʻshinlari nima qiladi? Ehtimol oʻshanda oʻn yillardan soʻng Amerika ham Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketardi", — dedi Qodirov.

Ekspert qirq yoshga kirgan insonning qurol ushlashdan boshqa narsani bilmasligi(bu "Tolibon" harakatida keng tarqalgan holat)ni katta xavf deya baholadi. Va agar toliblarni Oʻzbekistonga oʻqishga taklif etishadigan boʻlsa, ularga oʻzlarining ona tilisida dars berishga tayyorligini maʼlum qildi.

Teglar:
tinchlik, Shennon, Toshkent anjumani, Tolibon, Ashraf Gʻani, Afgʻoniston, Mirziyoyev

Asosiy mavzular