03:13 22 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00
Zaslujennыy artist Uzbekistana Obid Asomov

Obid Asomov: quvnoqlik obrazidagi jiddiy inson

© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
243440

Obid Asomov oʻzbek qiziqchilik sanʼatida oʻz maktabini yaratgan qiziqchi edi. U bu sanʼatga oʻzining uslubi bilan, yonib kirib keldi. Avvalboshdanoq birovga taqlid qilmadi. Birdan koʻzga tashlanib, xalq mehrini qozondi

Uning "Obid A" teatri tomoshalari, "Obid shou" koʻrsatuvi oʻz davrida xalqning eng sevimli tomoshalaridan edi. U qiziqchilik sanʼatiga millat uchun ogʻir boʻlgan davrda keldi va ijtimoiy, iqtisodiy muammolar girdobida qolgan xalqning hayotiga biroz boʻlsa-da rang, yorugʻlik olib kirdi. Buning uchun biz Obid Asomovdan minnatdor boʻlishimiz kerak. U sertashvish, sergʻalva zamonda xalqni kuldirib, uni hayot muammolaridan chalgʻitdi.

Eng ogʻir davrlarda millat kulgiga ehtiyoj sezadi. Daho qiziqchilar, yumoristlar ham aynan sergʻalva zamonda dunyoga keladi (Chaplin, Tven, Zoщenko, Ilf, Petrov, Julqunboy). Asomovning chekiga ham shunday taqdir tushgan ekan. Oʻtish davri va qiyinchiliklar zamonining timsoliga aylandi. Ayniqsa, bugun, abadiylik sari safar qilganda bu yaqqol anglanadi.

Endi, oʻzining sevimli sohasini topib, bolalar uchun ajoyib multfilmlar yaratishga bel bogʻlaganda, ulkan-ulkan rejalar tuzib, ularni amalga oshirish uchun bor kuchini sarflashga kirishganda, afsuski, hayot yakuniga yetdi... "Rizq tugal boʻlganda hayot tugaydi", deb bitgan edi faylusuf.

Afsus!!!

Hukumat Obid Asomovga ishonch  bildirib, oʻzbek multiplikatsiyasining taqdirini ishonib topshirgan va u yeng shimarib buyuk ishlarga chogʻlangan edi. Uni tanigan, bilganlarning maʼlum qilishicha, bu sohaga u butun borligʻini bagʻishlagan. Rejalari katta edi. Yirik saroylarda bolalarni yigʻib, filmlar taqdimotini oʻtkazayotgan, endi bu tadbirlarni doimiy amalga oshirishga vaʼdalar bergan edi...

Qiziqchi koʻp multfilmlarga ovoz berdi, rassom sifatida chizilgan filmlarni yoqtirardi. Doim bolalar yonida turib, oʻzi yaratgan filmlarni tomosha qilishni, ularning quvonchidan sevinib, ularga yoqmagan sahnalarni aniqlab, kelgusida bu kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslikni istardi.

Koʻpincha qiziqchidan muammolar, kamchiliklar, illatlarni fosh etishni talab qilishadi, ulardan shuni kutishadi. Buyam kerakdir, balki, lekin bu bir qadar eski fikr. Qiziqchi muammoni ochishi emas, kulgi orqali xalqning koʻnglini koʻtarishi, hayotini yengillashtirishi lozim. Qiziqchisiz ham hayotdan kamchilik va muammo qidirgan koʻp... Obid Asomov oʻz davrida sahnaga shu maqsadda chiqqan va bunga erishgan ham edi.

Qiziqchi dor ustidagi dorbozga oʻxshaydi. Birov hazilni yoqtiradi, birov esa yoqtirmaydi. Xalq orasida ularning gaplarini har xil talqin qiluvchilar koʻp. Obid Asomov ham shu kabi holatning "qurboni" boʻlib, ancha payt sahnadan uzoqlashdi. Lekin xalq unga sodiqligicha qoldi. Uni unutmadi.

Endi Obid Asomov bilan birga butun boshli davr ham tarixga aylanadi... Bir qarashda uning sahnadan maʼlum muddat uzoqlashganiga koʻnikkanday edik. Bilyapmizki, unday emas ekan. Biz uning qaytishini bilardik va kutardik. Va u qaytdi...

Endi esa... Biroz ogʻir... Axir biz uchun Obid Asomov degani faqat kulgi, quvnoqlik degani-da... Uning ism-sharifi aytilishi bilanoq har kimning yuziga tabassum yugurardi... Bugun nima boʻlishidan qatʼiy nazar, shundayligicha qoladi.

Bir vaqtning oʻzida uni tanigan, bilganlarning aytishicha, Obid Asomov hayotda oʻta jidddiy, mulohazali, ogʻir-bosiq inson boʻlgan. Ha, u butun quvonchni xalqqa ulashib, qaygʻuni yuragiga yigʻib yurgan ekan. Biz esa bilmaganmiz. Uning oʻzi ham bir-necha bor sahnada turib,  uni hech kim jiddiy qabul qilasligini, hatto yosh bolalar ham uni sensirab "Obid... Obid..." deb ortidan yugurishini biroz afsus bilan aytgan edi.

Biz bilgan Obid Asomov aslida obraz edi... Uni bilgan, taniganlar shunday fikr bildirishadi.

Endi aytsak boʻladi: Obid Asomov oʻta jiddiy inson edi.

Albatta, butun boshli davrni bir qiziqchiga bogʻlash gʻalati tuyuladi, lekin Obid Asomov oʻz davrining ajralmas boʻlagi edi. Endi u bilan birga qiziqchi yashagan davr ham tarixga aylanib, bizdan uzoqlashishi yanada tezlashadi.

Asosiy mavzular