15:04 24 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00

Prezident murojaati: bu yil ham ogʻir keladi!

Ramiz Baxtiyarov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
242870

Prezident yer sotilishi, eski uylar buzilishi, soliqlar kamayishi haqida gapirib, xalq va davlat oʻrtasidagi jarlikni kamaytirish, davlat xodimlarining masʼuliyatini yanada oshirish, aholini ijtimoiy himoyalash borasida qator innovatsion takliflarni oʻrtaga tashladi

Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining asosiy maqsadi – davlat funktsiyalarini keskin qisqartirish, davlat va xalq orasidagi toʻsiqlarni kamaytirish va nihoyat, davlat boshqaruvi xizmatchilari va rahbarlarining masʼuliyati, javobgarligini oshirish...

Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasini tinglab, shunday fikrga kelish mumkin.

Rahbar qanday boʻlsa, davlat ham shu yoʻldan ketishi sobiq SSSR tarixida isbotini topgan haqiqat. Dastlab hokimiyatni revolyutsionerlar boshqardi va ular aholining maʼlum qismini oʻldirib yubordi.  Keyin urush koʻrganlar boshqarib, sovuq urushni boshladi. Keyinroq hokimiyat tepasiga "ijodkor"lar kelib, romantikaga berilib, xalqni och va yupun qoldirgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa menedjment, ishlab chiqarish, bozor haqida koʻproq gapiradi.

2019 yilda yuqorida aytilgan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish borasida harakatlar boshlanadi. Prezident vakolatlarining maʼlum qismini Oliy Majlisga va  Sudyalar assotsiatsiyasiga olib berilishi koʻzda tutiladi.

Prezidentning maʼruzalarida ilgari koʻp uchramaydigan yana bir holat bu – 27 yillik faoliyatga qisqacha baho berish boʻldi.

27 yil davomida davlatning byurokratik changalzorlar orasida qolib ketishi, haddan ortiq vazifalarni oʻz zimmasiga olib, bajarishni eplolmasligi mamlakatning taraqqiy etishiga toʻsqinlik qildi.

Murojaatnomadan sezildiki, 27 yillik davlat faoliyatini tanqid qilish faqat tanqid uchun emas, balki oʻtmish xatolaridan xulosa chiqarish, toʻgʻri yoʻlni tanlash, tanqidiy qarash orqali, bugungi kunga baho berishga harakat.

Oʻzbekistonda yer sotilishi haqida ham fikr bildirib oʻtildi. Albatta, bu yoppasiga yer maydonlari sotuvga qoʻyiladi, degani emas. Prezidentning soʻzlariga qaraganda, qurilish uchun yoki bino turgan yer maydonlarigina sotilsa kerak. Bu nafaqat yerni xususiylashtrish uchun, balki tadbirkorning kelajakka ishonchini oshirish, tijoratining yarim yoʻlda sindirib tashlanmasligiga kafolat berish uchun qilinmoqda.

Oʻzbekistonda shusiz ham yer maydoni oshib-toshib yotgan emas. Aholining bu tezlikda oʻsishida esa uning har qarichi oltinga teng boʻlib qolishi ehtimoldan yiroq emas. Boshqa tomondan nobop sugʻorish tizimi orqali yerlarni yaroqsiz holga kelishi, shoʻrlashishning haddan oshib ketish ham bu boradagi katta muammo.

Albatta, prezident buning yechimini ham taʼkidlab oʻtdi. Xususan, sanoatlashtirish,  shaharlashishni tezlashtirish, sugʻorish tizimini mutlaqo yangi tizimga oʻtkazish... Bular uchun mablagʻ ajratish zamirida ham shu sabab yotadi. Mirziyoyev Oʻzbekistonning qiyofasini keskin oʻzgartirish tashabbusi bilan chiqmoqda. Keyingi 11 yil davomida shaharlashishni 35 %dan 65 %ga olib chiqarishni koʻzda tutuvchi tadbirlar belgilanadi.

Nazarimizda, endi eski uy-joy fondini buzish, oʻrniga zamonaviy, qulay va shinam uylar qurishga eʼtibor qaratiladi. Bu Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidan boshlanishi taʼkidlandi. Asosiysi, bunda aholini boshqa joylarga koʻchirish siyosati yuritilmaydi. Shu yerning oʻzida yangi uy qurilib, aholi koʻchirib oʻtkaziladi. Buyam oʻzbeklarning "kindik qoni toʻkilgan joy" toʻgʻrisidagi aqidasiga mos keladi.

Ushbu ishlar nafaqat aholining yashash tarzini yaxshilash, balki yerdan samarali foydalanish uchun ham amalga oshiriladi.

Prezident bir necha bor "endi hammaga ishiga qarab haq toʻlanishi"ga alohida toʻxtaldi. Darhaqiqat, 2018 yilni Oʻzbekistonda kasblar, mutaxassislar va maoshning tabaqalanish yili boʻldi, deb aytish mumkin. Murojaatnomadan kelib chiqib, aytadigan boʻlsak, bu ishlar kelasi yilda ham davom ettiriladi.

Murojaatnomada alohida urgʻu soliq siyosatiga qaratildi. Prezident Oʻzbekistonda yuzaga kelgan,  davlatning aytgani boshqa, hayot boshqa, degan aqida – dogmani ildizi bilan sugʻurib tashlamoqchi. Toʻgʻri-da, davlat organlarida boshqa gap, oilada boshqa gap aytilgan davrlar ortda qoldi, endi hamma ochiq oydin ishlashi va ochiq-oydin yashashi kerak. Prezidentning talabi, intilishi shu. Soliq siyosati ham ish va soʻz birligini taʼminlaydigan asosiy yoʻnalish.

Haddan ortiq ogʻir soliq yukidan beli bukilgan korxonalar, tadbirkorlar, fuqarolar uni aylanib oʻtish payida boʻladi. Va, afsuski, buning yuzlab yoʻllarini ixtiro qilib, hatto kundalik hayot tarziga aylantirib olganlar ham son-sanoqsiz. Soliq kamaytirilishi oqibatida endi ular oʻz-oʻzidan toʻgʻri yoʻlga qaytarmikin?

Prezident statistika masalasiga ham eʼtibor qaratdi. Raqamlar haqiqatni aytmas ekan, jamiyatni yolgʻon iskanjasidan qutqarib boʻlmaydi.

Oʻzbekistonda qonunlarga rioya qilinishi masalasida bir nima deyish qiyin, lekin axloq qoidalariga rioya qilish qatʼiy talab  etiladi. Shu jihatdan tungi klublar, koʻngilochar maskanlarni kech boʻlishi bilan yoptirib qoʻyish siyosati tez-tez kun tartibiga chiqib turadi. Bu tartib kim tomonidan qoʻllaniladi, nomaʼlum. Prezident esa bunaqa yoʻldan ketish  nomaʼqulligini bir ogʻiz soʻz bilan taʼkidlab oʻtdi. Undan koʻra, huquq-tartibot organlarini faolroq ishatishni talab qildi.

Prezident oziq-ovqat masalasini birovga ishonib topshirolmasligi, bu bilan shaxsan oʻzi shugʻullanishini taʼkidladi. Kundalik ehtiyojning tijoratga aylanib ketishi shaxsan prezident tomonidan himoyalangani aholining koʻngliga taskin beradi, albatta.

Prezident bu yil yil ham ogʻir boʻlishini taʼkidladi. Biroq hamma bilib qoldiki, prezident "ogʻir" deganda aholining och-nahor, yupun qolishini emas, balki oʻzidan tortib, eng quyi pogʻonagacha koʻproq ishlashini nazarda tutadi. Oʻzbekistonliklar esa hech qachon ishdan qochmagan! Shuning uchun ham, ogʻir kelishi bashorat qilingan dastlabki ikki yildan keyin odamlar orasida oddiy, lekin deyarli shiorga aylanib qolgan bir gap tarqaldi: prezident kelgandan buyon hali hech kimga yomon boʻlgan emas!

Bu xalqning oʻz prezidentiga bergan oddiy va samimiy bahosidir.

Asosiy mavzular