10:40 17 Iyul 2019
Efir
  • RUB136.34
  • EUR9673.87
  • USD8584.50
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev i prezident Kazaxstana Kasыm-Jormat Tokayev

Mirziyoyev Tokayev bilan nimaga kelishib oldi - Koʻksaroydagi uchrashuv yakunlari

Press-slujba prezidenta Kazaxstana
Analitika
Havola olish
44010

Tokayevning Oʻzbekistonga tashrifi davomida boʻlib oʻtgan muzokaralarda transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi

TOSHKENT, 15 apr - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Bugun Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajarayotgan Kasim-Jomart Tokayev oʻrtasida tor kengaytirilgan doirada uchrashuv boʻlib oʻtdi, shundan soʻng ikki davlat rahbari jurnalistlar oldida qoʻshma bayonot bilan chiqish qildilar, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Yangi prezidentga qutlov, Yelbasiga esa ehtirom

Prezident Mirziyoyev oʻz nutqi avvalida Tokayevni prezident etib tayinlangani bilan tabriklab, birinchi davlat tashrifini aynan Oʻzbekistondan boshlaganida ramziy maʼno borligini va buning uchun Qozogʻistonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevdan minnatdorligini bildirdi.

"Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda, koʻpqirrali hamkorlikni kengaytirishda qoʻshgan ulkan, bebaho hissasi uchun qozoq elining buyuk oʻgʻloni, Qozogʻistonning birinchi prezidenti, Yelbasi, mening akam, hurmatli Nursultan Abishevich Nazarboyevga oʻz minnatdorligimni bildiraman. Qozogʻistonning barcha taʼsirchan yutuqlari, davlatchilikning mustahkamlanishi, zamonaviy va raqobatbardosh iqtisodning vujudga kelishi, mamlakatning xalqaro sahnada tobora ortayotgan nufuzi aynan shu inson nomi bilan bogʻliq", - deb taʼkidladi Oʻzbekiston prezidenti.

Kasim-Jomart Tokayev ham Mirziyoyevning gaplarini tasdiqlab, Qozogʻistonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Oʻzbekiston bilan munosabatlarga alohida eʼtibor bilan qarashini, aslini olganda ham aynan Nazarboyev oʻzbek-qozoq munosabatlari "meʼmori" boʻlganini qoʻshimcha qildi.

"U hamisha Oʻzbekiston Qozogʻiston uchun faqatgina strategik sherik boʻlibgina qolmay, qardosh, juda yaqin mamlakat ekanini tinimsiz taʼkidlab keladi", - dedi Tokayev Nazarboyevning ikki mamlakatning doʻstona munosabatlariga qoʻshgan ulkan hissasi haqida gapirar ekan.

Mirziyoyev Tokayevning Qozogʻiston prezidenti sifatida ilk davlat tashrifini aynan Oʻzbekistonga amalga oshirgani ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada kuchaytirish yoʻlidagi sayi-harakatlari ifodasi deb bilishini qoʻshimcha qildi va Qozogʻiston bilan har tomonlama doʻstona aloqalarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlardan biridir, deb alohida qayd etdi.

Ochiqlik va oʻzaro tushunish kayfiyatidagi uchrashuv

Davlat rahbarlari qoʻshma bayonotida ikki oʻrtada muhokama qilingan masalalar, xususan, savdo sohasiga ayricha eʼtibor bilan qaralayotgani haqida taʼkidlab oʻtildi.

Mirziyoyev Tokayev bilan oʻtkazgan tor va kengaytirilgan doiradagi uchrashuvlarda strategik munosabatlarni yanada rivojlantirish, ikkiyoqlama hamkorlikning barcha jabhalari: mintaqaviy va xalqaro masalalar, xavfsizlik borasida boʻlayotgan yangi tahdidlar va chaqiriqlarga qarshi birgalikdagi chora-tadbirlarni kuchaytirish masalasi, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayonini tezlashtirishda hamkorlik hamda muhim ahamiyatga ega boʻlgan infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari koʻrib chiqilganini aytib oʻtdi.

Tokayev hamkasbi Mirziyoyev bilan oʻtkazilgan muzokaralar "mazmunli va mufassal" boʻlganini tasdiqladi. 

"Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga katta ahamiyat qaratdik. Qozogʻiston va Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy sohada yetakchi pozitsiyani egallab kelmoqda. Mintaqa savdo aylanmasining 50%i bizning hissamizga toʻgʻri kelmoqda. Bu yuqori koʻrsatkichni ushlab turish uchun biz turli choralarni qoʻllab kelamiz va bundan keyin ham qoʻllaymiz", - dedi Tokayev.

Ikkala tomon ham 2020 yil yakuniga kelib, ikkiyoqlama savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazishni oʻz oldilariga maqsad qilib olganliklarini bildirdilar.

Prezidentlar muzokaralari davomida turizm, madaniyat, fan va taʼlim yoʻnalishlaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqilganligi aytildi. Oʻtgan yili Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili keng miqyosda oʻtkazilgani, uning doirasidagi tadbirlar xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlagani taʼkidlandi. Mazkur ulkan madaniy voqeaning mantiqiy davomi sifatida bu yil Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili boʻladi va u Qozogʻiston prezidentining ushbu davlat tashrifi doirasida ochiladi.

Javob tashrifi

Tokayev jurnalistlar oldida chiqishi davomida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Qozogʻistonga "javob tashrifini" amalga oshirishni taklif etdi va bu voqea tez orada roʻy berishiga umid bildirdi. "Yaqin kelajakda Nur-Sulton shahrida oʻtkaziladigan uchrashuvda bugun berilgan topshiriqlar yakunini koʻrib chiqamiz", - dedi Qozogʻiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev hamkasbining taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi va Tokayevning Oʻzbekistonga ushbu davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga, yangi marralarni zabt etishga turtki boʻlishiga xizmat qilishini qoʻshimcha qildi.

Asosiy mavzular