21:38 16 Iyun 2019
Efir
  • RUB131.33
  • EUR9652.52
  • USD8518.68

Hayotini oʻt oʻchirishga bagʻishlagan inson. Jamoliddin Hayitmatov bilan intervyu

Press-slujba MCHS
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
48530

U kerak boʻlsa jonivorni qutqarish uchun ham yongʻin ichiga kirib boradi va eng hayratlanarlisi, olovdan umuman qoʻrqmaydi.

Oʻzbekistonda "Yosh oʻt oʻchiruvchilar" musobaqasi boʻlib oʻtayotgan bir vaqtda Sputnik muxbiri Yunusobod tumani Yongʻin xavfsizligi boʻlimi komandiri, 21 yillik ish stajiga ega Jamoliddin Hayitmatov bilan ushbu kasb tafsilotlari haqida suhbatlashdi.

Oʻt oʻchiruvchi kasbi yoxud qutqaruvchilar ishining xavfli tomonlari

Jamoliddin Hayitmatovning aytishicha, yongʻin xavfsizligi boʻlinmasiga armiyada xizmatni oʻtashi bilanoq joylashgan - bolalikdan insonlarni qutqarishni orzu qilgan va bu olijanob istak uni yongʻin oʻchiruvchi kasbi sari yetaklagan.

© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.
Jamoliddin Hayitmatov Yunusobod tumanidagi maktablarning birida yongʻinni bartaraf etib, 6 nafar oʻquvchi hayotini asrab qolgani uchun “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

"Oʻt oʻchiruvchi kasbi erkak kishilarga xos kasb boʻlgani uchun tanlaganman. Harbiy xizmatni oʻtayotgan paytimda bu kasb egalari harbiylarga tenglashtirilgan edi. Yongʻin xavfsizligi boʻlinmasiga armiyadan keyin kelganman", - deydi u.

Suhbatdoshimning aytishicha, uydagilari uning bu istagiga qarshi boʻlmagan, aksincha, "insonlarga foydang tegadigan, yaxshi kasb tanlabsan", - deya oq fotiha berishgan.

Oʻt oʻchiruvchi qanday hislatlarga ega boʻlishi kerak, degan savolimga Jamoliddin Hayitmatov bu kasb egalari muntazam mashqlarda toblangan, yaʼni jismonan baquvvat, ruhiy tomondan oʻzlarini yenga olgan boʻlishlari kerak, deya javob beradi.

"Sport juda katta yordam beradi. Puxta jismoniy tayyorgarliksiz yaxshi yongʻin oʻchiruvchi boʻlish qiyin. Tasavvur qiling, yongʻin roʻy berganida oʻzimiz bilan oladigan kiyim-bosh, anjomlarimiz ogʻirligi oʻrtacha 35-45 kilogrammni tashkil qiladi. Siz bu yuk bilan zarur holatlarda deylik beshinchi qavatga katta tezlikda koʻtarilishingiz kerak. Bunday ishlarni jismoniy tayyorgarliksiz amalga oshirib boʻlmaydi", - deya tushuntiradi u.

Press-slujba MCHS
Yongʻin roʻy berganida oʻt oʻchiruvchilar egnidagi kiyim-bosh, anjomlar ogʻirligi oʻrtacha 35-45 kilogrammni tashkil qiladi. Liboslar olovni qaytaruvchi, issiq oʻtkazmaydigan maxsus matolardan tikiladi.

Qolaversa, favqulodda holat yuz bergan vaqtda nafaqat insonlarni oʻt ichidan olib chiqish, balki yongʻin oʻchiruvchining oʻz hayotini saqlab qolishi ham gʻoyat muhim. Oʻt oʻchiruvchi bir inson hayotini qutqaraman, deya hodisa joyiga kelib, u yerda qolib ketishi kerak emas. Kichik xato uchun toʻlov narxi qimmatga tushishi mumkin.

- Oʻt oʻchiruvchining asosiy vazifasi – insonlarni qutqarish. Lekin agar uy jonivori olov ichida qolib ketgan boʻlsa-chi, yongʻin ichiga kirib borasizmi?

- Albatta, yongʻin roʻy bergan vaqtda odamlar uydan qochib chiqib, jonivorlarni olov ichida unutib qoldirgan vaqtlar ham boʻladi. Keyin "qutqaring, iltimos", deya iltimos qilishadi. Koʻp hollarda bunday iltimoslarni bajarganmiz.

- Yongʻin roʻy bergan joyga yetib bordingiz, ishingiz nimadan iborat boʻladi?

- Jamoamizda har bitta xodimni oʻz vazifasi bor. Yongʻin roʻy bergan joyga yetib borganimizda, avvalo boʻlinma komandiri “razvedka” oʻtkazadi, yaʼni yongʻin ichida odam bor-yoʻqligi aniqlanadi. Katta oʻt oʻchiruvchi yongʻin oʻchirishga kirishadi. Eng yoshi haydovchiga yordam beradi va shu tarzda barcha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

- Qoʻrquv boʻlmaydimi?

- Biz ishga kirishishdan oldin maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtamiz. Jarayon ichiga kirib borsangiz, barchasini toʻgʻri amalga oshirishni puxta oʻrgansangiz, qoʻrquv oʻz-oʻzidan yoʻqoladi. Olov ichida nima borligini hech kim bilmaydi, shu bois undan qoʻrqqan odam hech qachon yongʻin oʻchiruvchi boʻlolmaydi.

- Jamoliddin aka, siz 21 yillik tajribaga ega oʻt oʻchiruvchisiz. Aytingchi, aksariyat hollarda yongʻinlar nima sababdan roʻy beradi?

- Koʻp hollarda yongʻinlar xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, yaʼni qisqa tutashuvlar tufayli roʻy beradi. Keyin mast holatda sigareta chekib, uxlab qolish holatlari fojiali yakun topgan vaqtlar ham koʻp.

Press-slujba MCHS
Pojar v jilom dome v Uzbekistane

Inson psixologiyasida «shok» degan holat bor. Deylik, u "101" raqamini yoddan bilsa ham, yongʻin roʻy berganida, oʻzini yoʻqotib qoʻyib, kerakli raqamni tera olmasligi mumkin. Qolaversa, 70 % holatlarda yongʻin haqida kech xabar beriladi. Koʻp joyda uy yongani haqida qoʻshnilardan xabar kelib tushadi.

- Tajribali oʻt oʻchiruvchi sifatida fuqarolardan nimani soʻrab qolardingiz?

- Bilasizmi, bir holat koʻp kuzatiladi, koʻpincha yongʻin boshlanganida, fuqarolarimiz olovni mustaqil oʻchirishga harakat qiladilar. Masalan, oshxonada yogʻ yona boshlasa, ustiga bir chelak suv agʻdarib yuborishadi va yongʻin oʻchish oʻrniga alanga olib ketadi. Bunday holatlarda yonayotgan yogʻ ustini darhol qopqoq bilan yopish lozim. Tokli asboblar yonadigan boʻlsa, suv sepish qatʼiyan mumkin emas. Insonni shu yerning oʻzida tok urishi, noxushlik yuz berishi mumkin.

© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.
Budni uzbekskix pojarnikov. Kstati, obщiy ves komplekta ekipirovki dostigayet v srednem 35-45 kg

Yongʻin boshlanganida har bir soniya gʻanimat. Aytaylik, yongʻinni bartaraf etish xizmati raqami “101” boʻlganiga bir necha yillar boʻlib ketgan boʻlsa ham, hali ham "01"ga qoʻngʻiroq qiladiganlar bor.

Yongʻin roʻy berganida, baqir-chaqir, qoʻshnilarni yordamga chaqirishga vaqt sarflamasdan, darhol oʻt oʻchiruvchilarga qoʻngʻiroq qilish lozim. Imkon boʻlsa, zarur hujjatlarni olib yongʻin roʻy berayotgan joyni imkon qadar tezroq tark etish lozim. Bu haqda biz koʻp gapiramiz, afsuski, aksariyat hollarda fuqarolarimiz loqaydlik qiladilar. Umid qilamizki, yongʻin balosi ulardan yiroq boʻladi.

Suhbatdoshim bilan intervyuni yakunlar ekanman, "Bu xavfli kasbni tanlaganingizdan afsuslanmaysizmi?", deya savol beraman. Jamoliddin Hayitmatov hech qachon afsuslanmaganini aytadi. "Toʻgʻri, qiyinchiligi koʻp, lekin bilasizmi, yongʻin oʻchiruvchilarni butun dunyoda qadrlashadi. Olov ichiga kirib, bir inson hayotini qutqarganingizda, minnatdorlik bildirishni unutib qoʻysalar ham ranjimaymiz. Axir kasbimizda fidoyilik birinchi oʻrinda turadi. Lekin oddiygina "rahmat" soʻzi ham biz oʻt oʻchiruvchilar uchun juda katta ragʻbat", - deydi suhbatdoshim.

Aytgancha, Oʻzbekistonda aholi soni yiliga koʻpayayotgani, bu esa turar va noturar joylarning soni koʻpayib borishiga sabab boʻlayotganiga qaramay, soʻnggi oʻn yilda sodir boʻlgan yongʻinlar, ularda halok boʻlgan va tan jarohati olganlar soni kamayib bormoqda. Masalan, 2008 yilda 14 725ta yongʻin bartaraf etilgan boʻlsa, 2017 yilga kelib, bu raqam 12 705tani tashkil etdi. Vafot etganlar soni 218 nafardan 159 nafarga kamayib, soʻnggi besh yilda sodir boʻlgan yongʻinlarning 80 foizi boshlangʻich davrida bartaraf etildi. Natijada 399 nafar kishining hayoti saqlab qolingan.

Asosiy mavzular