21:55 16 Iyun 2019
Efir
  • RUB131.33
  • EUR9652.52
  • USD8518.68
Transportnaya razvyazka

"Bu bizning iqlimga zid": oʻzbek deputatlari kunduz kuni yoqilayotgan mashina chiroqlari haqida

© Sputnik / Aleksey Malgavko
Analitika
Havola olish
100540

Oliy Majlis deputatlari hukumatga avtomobillarning kunduzi chiroq yoqib yurishi shartligi haqidagi qoidani bekor qilish boʻyicha taklif kiritdi

TOSHKENT, 18 may - Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbayev, Abdurashid Qodirov va Jamshid Pirmatov Oʻzbekistonda avtomototransport vositalari chiroqlarni yoqib harakatlanishi shartligi haqidagi qoidani bekor qilish yuzasidan murojaat bilan chiqdi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra aprel oyida yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish kiritilgan edi.

Unga koʻra, jumladan, kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilandi. Aynan ushbu kiritilgan oʻzgartirish koʻpchilik fuqarolar tomonidan norozilik bilan qarshi olinib, bunday oʻzgartish kiritishga asoslar yetarli emasligi, transport vositalarining bugungi kundagi texnik holati mos kelmayotganligi kabi eʼtirozli fikrlar bildirilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga ham saylovchilar tomonidan shu mazmundagi koʻplab murojaatlar qilinmoqda.

Deputatlar fikriga koʻra, Oʻzbekiston sharoitida bunday qarorni qabul qilishda bir qator oʻziga xos xususiyatlar inobatga olinmagan. Jumladan, Oʻzbekistonda yil davomida sutkaning asosiy qismi yorugʻ vaqtga toʻgʻri kelishi sababli piyodalar va yoʻlovchilarning harakatlanishida inson koʻzining atrofni toʻliq ilgʻab olishi uchun quyosh yorugʻligining yetarli ekanligi.

Ikkinchidan, mamlakatda yil davomida kunlarning asosiy qismi issiq, yogʻingarchilik kam, tuman va havo kam bulutli mintaqa ekanligi inobat olinmagan. Masalan, Moldovada bunday tartib faqat qish mavsumida amalga kiritilgan va tartibni buzganlik uchun jarima choralari qoʻllanilmaydi.

Uchinchidan, kunduz kunlari, shu jumladan yoz faslida haroratning oʻta yuqori vaqtida ham chiroqlarning yoqib yurilishiga eski rusumdagi avtomobillarning mos holda ishlab chiqarilmaganligi.

Mazkur masalada Yevropa mamlakatlari tajribasiga tayanilsa, ularda bunday tartib 2011 yildan amalga kiritilgan boʻlib, barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilarga yangi avtomobillar uchun kunduzgi avtomatik yonuvchi chiroqlarni oʻrnatishi shartligi belgilangan. 2011 yilgacha ishlab chiqarilgan, avtomatik chiroqlari yonmaydigan avtomobil egalariga esa majburiy chiroqlarni yoqib yurish tartibi yoʻq.

Shundan kelib chiqib, mamlakatdagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar yoki chetdan avtomobil olib kiruvchilarga ham chiroqlarning avtomatik ravishda yonib turishini taʼminlovchi faralar bilan jixozlash majburiyatini yuklash zarur boʻladi.

Toʻrtinchidan, soʻngi yillardagi amaliyotga mos ravishda ijtimoiy ahamiyatga ega muhim normativ huquqiy hujjatlar keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishi va bildirilgan takliflar asosida takomillashtirilib, shunga mos ravishda koʻrib chiqish boʻyicha huquqiy asos va amaliyot boʻlishiga qaramasdan hujjatda jamoatchilik fikri inobatga olinmagan.

Beshinchidan, 2016 yil sentyabr oyiga qadar amalda boʻlgan Yoʻl xarakat qoidalarining 138-bandidan kelib chiqib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128-moddasiga "tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzganlik" uchun eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima belgilash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining 2016 yil 23 sentyabrdagi OʻRQ-411-sonli Qonuni tahriridagi dispozitsiyasi deputatlar tomonidan maʼqullanib, qonun qabul qilingan edi.

Biroq, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Yoʻl harakati qoidalarining 138-bandiga kiritilgan «Kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart» degan oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasining 2016 yil 23 sentyabrdagi OʻRQ-411-sonli Qonunining tegishli qismi kontseptsiyasiga mos kelmaydi.

Oltinchidan, ushbu tartibga rioya etmaslik oqibatida toʻlanishi kerak boʻlgan jarima miqdorlari oʻrtacha oylik ish haqlariga nisbatan Italiyada 85 marta, Latviyada 146 marta, Sloveniya 56 marta, Finlyandiya 82 marta kamni tashkil etadi. Bizda esa belgilangan jarima miqdori oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan 16-17 marta kamni tashkil etmoqda.

"Ushbu asoslardan kelib chiqqan holda biz bir guruh deputatlar Vazirlar Mahkamasi hamda Ichki ishlar vazirligiga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi №292-sonli qarori bilan yoʻl harakati qoidalariga «kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart»ligi boʻyicha kiritilgan oʻzgartirishni bekor qilish yoki jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda takomiliga yetkazish, shu jumladan, bunday qoidabuzarlik uchun jarima belgilamaslik masalasini koʻrib chiqish boʻyicha taklif kiritdik.

Umid qilamizki, tez kunlarda mazkur masala oʻzining ijobiy yechimini topadi", - deyiladi murojaatda

Asosiy mavzular