07:49 24 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.70
  • EUR10553.06
  • USD9448.53
Vыstavka Bal Robotov

Men “katta aka” emas, “katta quloqman” - sunʼiy ong boʻyicha mutaxassis

© Sputnik / Vladimir Astapkovich
Analitika
Havola olish
45020

Internetda shaxsiy maʼlumotlarni kim va nima uchun toʻplaydi – sunʼiy ong boʻyicha mutaxassis eng zamonaviy axborot texnologiyalari haqida hikoya qilib berdi.

TOSHKENT, 9 okt — Sputnik. Biz telefon va noutbuk kamerasini yopib qoʻy, ehtiyot boʻl oʻzing haqida hamma narsani oshkor qilaverma, bizni “katta aka” (bolshoy brat) kuzatayapti, degan gaplarni koʻp eshitganmiz.

- Men “Katta aka” emas, “katta quloqman”, hech kimni ataylab kuzatmayman, men faqat siz oʻzingiz ochiq manbaalarda, ijtimoiy tarmoqlarda aytgan gaplaringizni eshitib siz haqingizda xulosa chiqaraman, - deydi Rossiyada "sunʼiy ong" boʻyicha yetakchi mutaxassislardan biri Artur Xachuyan.

Xachuyan, dastlab, internetda kimlar va qanday maqsadlarda odamlar haqida shaxsiy axborot va boshqa maʼlumotlarni toʻplayotgani haqida toʻxtalib oʻtdi.

Bugungi kunda odamlar haqida batafsil maʼlumot toʻplovchi eng yirik vosita bu – ijtimoiy tarmoqlardir. Masalan, Facebook, Instagram va boshqalar.  Ular barcha foydalanuvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlari haqida batafsil maʼlumot jamlab, uni biznes vakillariga sotadi. Boʻlmasa kimga kerak sizning plyajda, oʻrmonda yoki itingiz yonida tushgan fotosuratlaringiz? Axir million-million gigabayt maʼlumotlarni saqlash uchun qancha server, infratuzilma kerak. Bularning hammasiga ulkan malagʻlar sarflanadi, - deydi mutaxassis.

Ikkinchi yirik axborot toʻplovchi bu davlat boʻladi – davlat tomonidan axborot toʻplash, birinchi navbatda, xavfsizlik muammolarini hal qilsa, undan soʻng - jinoyatchilik bilan kurash, soliq va turli toʻlovlarni oʻz vaqtida yigʻib olishni taʼminlash va ijtimoiy yordamni kerakli fuqaroga yetkazib berish kabi maqsadlarda amalga oshiriladi. Ikkinchidan, davlatning oʻzida ham biz haqimizda juda koʻp maʼlumot bor. Masalan, palonchi 5yildan beri aliment yoki soliq toʻlamaydi, lekin qandaydir yoʻl bilan u yangi mashina sotib olgan yoki xorijga dam olishga otlanmoqda. Davlat bunday maʼlumotdan qanday foydalanishni bilishi kerak.  

Uchinchi toifa axborot yigʻuvchilar – bular xakeralar. Darrov xavotirga tushmang, aksariyat hollarda ularni oddiy odamlar qiziqtirmaydi. Ular koʻpincha yirik siyosatchilar yoki biznesmenlar, shuningdek shou yulduzlarining hayotni kuzatib turli maʼlumotlarni yigʻib borishadi. Baʼzan bunday faoliyat raqib tomon buyurtmasi asosida ham amalga oshirilishi mumkin. Jamlangan maʼlumotlar shantaj, oʻgʻirlik va boshqa gʻarazli maqsadlarda ishlatilishi mumkin.

Jamlangan maʼlumotdan qanday foydalaniladi

Tasavvur qilingki, qoʻlingizda butun Rossiya aholisi haqida ulkan hajmda maʼlumot jamlangan, xoʻsh uni nima qilish mumkin? Birinchidan – chakana savdo, marketing yoki reklama kompaniyalariga sotish mumkin. Ikkinchidan – uni tahlil qilib tahlil natijalarini sotish mumkin. Buning uchun bizga “Sunʼiy ong” kerak boʻladi.

Bugungi kunda “Sunʼiy ong” tushunchasi matbuotda tez-tez tilga olinmoqda. Aslida u bir yoki bir necha algoritmlar majmuasidir xolos. Sunʼiy ong ommaviy tadbirlar oʻtkazishda xavfsizlikni taʼminlash uchun katta yordam bermoqda. Masalan, 2018 yilda Moskvada boʻlib oʻtgan futbol boʻyicha Jahon chempionatida Rossiya  xavfsizlik xizmatlari “Sunʼiy ong”dan unumli foydalanishdi. Oʻzining agressiv “oʻtmishi” bilan mashhur boʻlgan koʻplab futbol muxlislariga bilet sotish bosqichidayoq rad javobi berildi. Ikkinchidan, futboldan soʻng muxlislar jamlanadigan joylar prognoz qilinib, u yerlarda kerakli xavfsizlik choralari koʻrildi.

Sunʼiy ong bilan birga “Skoring” tushunchasi ham kirib kelmoqda. Skoring deganda, insonning soʻngi bir necha yildagi faoliyati - oʻzini tutishi, soliq va jarima, qarzlarni vaqtida toʻlashi, sudlanganligi, katta va kichik bezorilik yoki avtobusda biletsiz yurish kabi barcha faktlar qayd etib boriladi. Kerak boʻlganda, masalan, u bankka kredit olish uchun murojaat qilsa, skoring tizimi bir soniyada kredit berish yoki bermaslikni hal qiladi. Aytishlaricha Xitoyda ana shunday tizim bir necha yildan beri ishlab turibdi. U yerda skoring tizimi mamlakat ichida oʻzini “yaxshi tutmagan” fuqarolarga xorijga chiqish pasporti bermas ekan.

Umuman sunʼiy ongni joriy etish boʻyicha Xitoy dunyoda birinchilardan boʻlgan desak xato boʻlmaydi. U yerda iqtisod va ijtimoiy hayotning barcha sohalari raqamlashtirish 15 yil oldin boshlangan va ushbu sohaga ulkan sarmoyalar kiritilgan.

Ha aytmoqchi, biz yaqinda sunʼiy ongdan foydalanishning yana bir muvaffaqiyatli uslubini topdik. Tajriba tariqasida onlayn nikoh agentligi tashkil qildik. U yerda sunʼiy ong yordamida bir biriga mos keladigan juftliklarni tanladik. Bu ishda bizga 10dan ortiq professional ruhshunoslar va boshqa mutaxasislar yordam berishdi. Natijada sunʼiy ong yordamida tanlangan 100ta juftlikdan 87ta juftlik bir biriga mos tushdi. Albatta, sunʼiy ong sizning yuragingizga sevgi tuygʻusini joylab qoʻya olmaydi, lekin millionlab odamlar orasida aynan sizga imkon qadar koʻproq xususiyatlari bilan mos keladigan kishini tanlab berishi mumkin.

Umuman olganda, agar oʻzingiz qonunga zid ish qilmayotgan boʻlsangiz, sunʼiy ongdan yoki kimdir siz haqingzda axborot toʻplashidan qoʻrqmasa ham boʻladi, chunki aksariyat hollarda ular aynan sizga mos keladigan mahsulot va xizmatlarni taklif qilmoqchi xolos, deb xulosa qildi mutaxassis.  

Asosiy mavzular