10:02 24 Fevral 2020
Efir
  • RUB150.07
  • EUR10319.35
  • USD9528.49
Analitika
Havola olish
109420

Oʻzbekiston prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasi Mirziyoyev siyosatining uzviyligi, barcha tadbirlar, rejalar puxta oʻylangan, mustahkam asosi hozirlangan holda, Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotganini yana bir bor isbotladi.

Chunki shu paytgacha yuritilayotgan siyosatdan, ishlar va tadbirlardan chekinish holati kuzatilmadi, balki ularni yangi pogʻona, yangi bosqichga olib chiqish haqida soʻz bordi.

Yilning nomlanishi ham yil siyosatining maqsadi, mazmunini qisqacha, aniq va loʻnda tushuntirib berdi. Avvallari  boʻladiganday, avval yil nomini belgilab, keyin tadbirlarni shunga moslashtirishga urinishar boʻlmadi.

Albatta iqtisodiyot, ijtimoiy siyosat, maʼnaviy hayotda rejalashtirilayotgan kompleks tadbirlar haqida koʻp aytish mumkin, lekin bugun ommaning eʼtiborini tortayotgan asosiy mavzular ­ pasport tizimi, kambagʻallar, "halollik vaktsinasi", taʼlim yoʻnalishi boʻlmoqda.

Prezident biroz hazil, ozroq armon bilan "... lekin oʻsha "halollik vaktsinasi"ni qaydan olamiz?" degan fikrni bildirib oʻtdi. Darhaqiqat, koruptsiyaga qarshi kurash, adolatni bosh mezon qilib olish aytishga oson. Ilgarigi tuzumlardan maʼlumki, qaysi tashkilotga korruptsiya bilan kurashish vakolati yuklatilsa, bu illatning barcha rishtalari oʻsha tashkilotga borib ulanaverardi. Bunday tashkilot, korruptsiyaga qarshi kurash emas, balki, taʼbir joiz boʻlsa, uni boshqarish va tartibga solish bilan mushgʻul boʻlib ketardi.

Hech qanday jazo, hech qanday xavf buning oldini ololmagan. Buning yagona yoʻli – "halollik vaktsinasi". Yaʼni, halollik insonning ongu shuurida boʻlishi lozim. Uni esa paydo qilish kerak boʻladi. Yilning nomida "maʼrifat" soʻzi ishtirok etayotgani ham shundan. Ochkoʻzlikni, yebtoʻymaslikni faqat maʼrifat bilan yengish mumkin-da. Millatning yuzlab yillar davomida yiqqan bilimi, tajribasi, maʼnaviy qadriyatlari, albatta, "halollik vaktsinasi"ni paydo qilish uchun yetarli boʻladi.

Murojaatnomada xalqimizning minglab kitoblarda joylashgan maʼnaviy boyliklari oʻz oʻquvchisi, tadqiqotlarini kutib yotgani haqida taʼkidlab oʻtilishi ham bejiz emas. Oʻqish, oʻrganish, tadqiq qilish va fuqaro ongiga joylashtirish – oʻzlikni anglash, halollikni turmush tarziga aylantirishning asosiy qoidasi shu.

Albatta, korruptsiya, poraxoʻrlik har qanday zamonda, har qanday davrda, har qanday tuzumda boʻlgan, lekin bu millat hamma zamonlarda ham unga illat sifatida qaragan, maʼrifat, adolatni ulugʻlagan, unga sigʻingan. Bunga ishonmaganlar, shubhalanganlar yuzlab yillar davomida amal qilib kelgan qadriyatlarni tahlil qilib koʻrishi mumkin. Minglab yillar burun tosh qotgan organizmlar oʻsha davrlar haqida qanchalar maʼlumot bersa, qadriyatlar ham millatning oʻzligi toʻgʻrisida shuncha axborot beradi.

Prezident jinoiy jazoni liberallashtirish yoʻlini taklif qilmoqda.

Hozircha bu tadbirkorlik sohasi yoʻnalishida aytilganiga qaramay, bir-necha kodekslarning yangilanishi yoʻnalish shu tomonga qaratilganini koʻrsatadi. Kodekslar shunchaki, soʻzlarini oʻzgartirish uchun yangilanmaydi. Darvoqe, murojaatnomadagi “uyushgan jinoiy guruh” haqidagi tanqidiy fikr ham gapimizni isbotlaydi.

Ilm, maʼrifat – prezident avvaldan eʼtibor qaratayotgan soha

Kelgusida ham ushbu yoʻnalishda jiddiy oʻzgarishlar boʻlishi Murojaatnomada bayon etildi. Maʼlum boʻlyaptiki, Oʻzbekistonda yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi Afgʻonistondagidagidan ham past!

Bu yil bitiruvchilarning 25 foizini oliy taʼlim bilan qamrab olinishi rejalashtirilmoqda. Kelasi yillarda 50-60 foizga yetkaziladi. Bunda ayniqsa, qizlarga alohida kvotalar ajratilishi, davlat grantlarining oshirilishi tahsinga loyiq.

Shunga qaramay, endi odamlar toʻylarga zoʻr bermay, topgan-tutganini yigʻib, farzandlarini oʻqitishga sarflasalar yaxshi boʻlardi. Balki toʻylarni, maʼrakalarni tartibga solishdan koʻzlangan yana bir maqsad ham shundandir.  Chunki avvalroq inson kapitaliga alohida eʼtibor qaratilishi, bu eng samarali yoʻnalish sanalishi taʼkidlab oʻtilgan edi.

XIX asrda krepostnoylik tizim boʻlgan, XXI asrda propiska tizimi...

Shu kabi oʻxshatishlar, taqqoslar koʻp uchramoqda. Darhaqiqat, propiska bir paytlar sovet krepostnoylarini bir joyda tutib turishga qaratilgan, keyin xavfsizlik nuqtai nazaridan bekor qilinmagan va bugungacha saqlanib kelayotgan salbiy amaliyot. Endi, Murojaatnomadan keyin ichki migratsiya mamlakat taraqqiyotida muhim rol oʻynashi haqida, AQSH tajribasiga tayanib mulohazalar bildirilmoqda.

Propiskani bekor qilish prezident urbanizatsiya siyosatining uzviy boʻlagi sifatida bekor qilinishi kutilmoqda. Bu bilan fuqarolarning erkinligi, ozodligi taʼminlanadi.

Lekin mutlaq ijobiy holat boʻlishi mumkin emas, yangilikni joriy etayotganda uning salbiy tomonarini ham oʻrganib, shunga tayyor turilgan maʼqul. Haddan ortiq erkinlik jinoyatchilikning oshib ketishiga olib kelgani kabi propiska tizimining bekor qilinishi soʻzsiz yirik shaharlarda uy-joy narxining keskin oshishiga sabab boʻlishi mumkin. Rivojlangan mamlakatlarning erkinlik tizimi haqida soʻz yurita turib, ularda yirik shaharlardagi uy-joy narxiniyam nazardan qochirmaslik, ularda asosiy aholi ijarada yashashiniyam unutmaslik lozim. Yoʻq, bu salbiy fikrlar emas, vaziyatga hushyor qarash. Hammaning oʻz xonadoni, uyi boʻlishiga koʻnikkan millatga ertaga bu ogʻir tuyulishi mumkin.

Albatta, prezident bularni yaxshi biladi va oldindan chorasini koʻrish ilinjida. Uy-joy qurilishi, kam taʼminlangan qatlamga ipoteka kreditlarining ajratilishi, uy-joy qurilishiga xususiy sektorning keng jalb etilishi masalalari bu yoʻldagi harakatlardan biri.

Darvoqe, mamlakatda kambagʻallar borligi, ularning soni kam ham emasligi ilk bor qayd etib oʻtildi. Eski bir aqida bor – kambagʻalga har kuni bitta baliq berma, bu uni boqimandaga aylantiradi, bir marta qarmoq bergin, oʻz kunini oʻzi koʻrib ketadi, degan. Prezident aynan shu yoʻldan bormoqchi. Ijtimoiy nafaqa, taʼminot miqdorini oshirish bilan natijaga erishib boʻlmasligi, balki kam taʼminlangan tabaqani tijoratga oʻrgatish lozimligi, bu yoʻlda tadbirlar tashkillatirilishini taʼkidladi.

Shu jarayonda biroz oʻxshamayotgan holat ­­- amaldorlarning yoppasiga pasport tizimiga qarshi chiqa boshlagani, kambagʻallar haqida ketma-ket chiqishlar boʻlayotgani. Albatta bular xalqning dardi, alami edi, lekin buni prezident aytgunga qadar rahbarlar bilmas ekanmi? Haq gapni, toʻgʻri yoʻlni maʼqullash kerak, lekin buni kampaniyabozlikka aylantirib yubormagan maʼqul. Chunki har qanday yaxshilik ham kampaniyabozlik boshlanib ketsa, oqibati ijobiy boʻlmaydi.

Asosiy mavzular