20:24 08 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Iqtisod
Havola olish
39810

Davlat bojxona qoʻmitasi yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi loyihasini tayyorladi.

TOSHKENT, 19 avg – Sputnik. Davlat bojxona qoʻmitasi yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi loyihasini tayyorladi. Amaldagi Bojxona kodeksi 2016 yil 20 yanvarda tasdiqlangan.

Yangi kodeks loyihasi hajmi jihatidan ancha ixchamlashtirilgan va takomillashtirilgan: xususan yangi loyiha 9 boʻlim, 35-bob, 296 moddadan iborat (amaldagi kodeks 12 boʻlim, 59 ta bob, 412 modda).  

Yangi kodeksda bojxona protseduralari 15 ta etib belgilangan. Yangi tahrirda “Vaqtincha saqlash” bojxona rejimi yoʻq, vaqtincha olib chiqish va olib kirish bojxona rejimlari bitta protsedura “vaqtincha olib kirish (olib chiqish);” etib yozilgan. Shuningdek, yangilik sifatida “Maxsus bojxona protsedurasi” kiritilgan.

Yangi kodeksda bojxona nazorati shakllarining soni 7 taga (tushuntirish olish; bojxonaga oid boshqa hujjat va (yoki) maʼlumotlarni tekshirish; bojxona koʻzdan kechiruvi; bojxona koʻrigi; shaxsiy koʻrik; binolar va hududlarni koʻzdan kechirish; bojxona auditi) qisqartilgan (amaldagi Bojxona kodeksida bojxona nazorati shakllarining soni 12 tani tashkil etadi). "Bojxona audit" bojxona nazorat shakli bayon etilgan.

Bojxona toʻlovlarining turlari qismida ham oʻzgarish mavjud. Yangi kodeksda olib kirishda toʻlanadigan bojxona boji; olib chiqishda toʻlanadigan bojxona boji; qoʻshilgan qiymat soligʻi; aktsiz soligʻi; bojxona yigʻimlari belgilangan. Amaldagi kodeksda esa olib kirish (import) va olib chiqish (eksport) deb bojxona boji alohida belgilanmagan.  

Yangi kodeksda "Xavfni boshqarish tizimining qoʻllanilish maqsadlari" ham aniqlashtirilgan: bojxona nazoratining samaradorligini taʼminlash; xavf darajasi yuqori boʻlgan sohalarga eʼtibor qaratish va bojxona organlari imkoniyatlaridan samarali foydalanishni taʼminlash; xavflarni imkon qadar kamaytirish boʻyicha choralar qoʻllash uchun zarurat boʻlmagan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtilishini tezlashtirish va soddalashtirish uchun sharoitlar yaratish.

"Bojxona organlari xavflarni boshqarish tizimidan, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq, ularning zimmasiga yuklatilgan boshqa turdagi nazoratni amalga oshirishda foydalanishlari mumkin", - deyilgan loyihada.

Asosiy mavzular