03:29 06 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Iqtisod
Havola olish
114 0 0

Kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida yer va mol-mulk soligʻidan ozod etiladi.

TOSHKENT, 14 may — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar va aholini pandemiya sharoitida qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari davom ettirilishini maʼlum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Birinchidan, kichik biznes va fermer xoʻjaliklariga ijtimoiy soliq stavkasi may-iyul oylarida 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Buning natijasida 260 mingdan ziyod korxona va fermer xoʻjaliklari jami 650 milliard soʻm mablagʻlarni tejagan holda, ularni sarmoya va aylanma mablagʻ sifatida ishlatish imkoniga ega boʻladi.

Ikkinchidan, kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida yer va mol-mulk soligʻidan ozod etiladi. Buning hisobiga 50 mingdan ortiq tadbirkor 300 milliard soʻmni tejaydi va ularning aylanma mablagʻi koʻpayadi.

Shuningdek, avvalgi qarorga asosan, aprel-may oylarida 1 mingdan ziyod tadbirkorning yer va mol-mulk soliqlari va penyalari boʻyicha kechiktirilgan 80 milliard soʻm toʻlovlari kechib yuboriladi.

Uchinchidan, tadbirkorlarga bojxona toʻlovlarini 120 kungacha kechiktirib toʻlashga ruxsat beriladi. Bu ularga jami 540 milliard soʻmni tejash hamda ushbu mablagʻlarni oʻz biznesini rivojlantirishga yoʻnaltirish imkonini beradi.

Toʻrtinchidan, ehtiyojmand oilalarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida nafaqa oluvchi oilalar soni qoʻshimcha 70 mingtaga yoki 10 foizga koʻpaytirilib, byudjetdan yana 200 milliard soʻm ajratiladi.

Beshinchidan, ilgari stavkasi 22 foizgacha boʻlgan investitsiya kreditlari boʻyicha foizlar qisman davlat tomonidan qoplab berilgan boʻlsa, endi stavkasi 26 foizgacha boʻlgan kreditlarning foizlari ham qisman qoplab beriladi.

Shuningdek, tadbirkorlarga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 500 milliard soʻmgacha (ilgari 10 milliard soʻmgacha) berilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya miqdori 5 foizdan 10 foizga oshiriladi.

Oltinchidan, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida joriy qilingan aholiga yakka tartibda uy-joy qurish va taʼmirlash uchun kredit berish tajribasi Toshkent shahrida ham tatbiq etiladi. Shu orqali poytaxtda qariyb 10 mingta mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Yettinchidan, mahalliy korxonalarning mahsulotiga nisbatan ichki talabni oshirish va shu orqali ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat tashkilotlariga III-IV chorakdagi xaridlarini II chorakda amalga oshirish huquqi beriladi.

Umuman, iqtisodiyotni va fuqarolarni yanada qoʻllab-quvvatlash uchun byudjetdan qoʻshimcha 2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Taʼkidlanishicha, oʻtgan oyning oʻzida 250 mingta tadbirkor va korxona, 83 mingta fermer xoʻjaligining jami 400 milliard soʻmlik soliq va boshqa toʻlovlarini toʻlash muddati kechiktirildi. Davlat mulkidan foydalanayotgan 11 mingdan ortiq tadbirkor ijara toʻlovidan ozod boʻldi.

Ehtiyot choralari taʼminlangan holda, karantin davrida ishlamagan 14 mingta sanoat korxonasidan hozirgi kunda 10 mingtasi oʻz faoliyatini qaytadan boshladi. Ularning 178 ming xodimi oʻz ish joyiga qaytdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda hozirgi kunda ishlamay turgan 4 mingta sanoat korxonasi muammolarini birma-bir oʻrganib, ularning faoliyatini may oyi oxirigacha yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.

Asosiy mavzular