14:24 27 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Iqtisod
Havola olish
134 0 0

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tsementni import asosida respublikaga “yashil yoʻlak” tizimi orqali olib kirishni taklif qilmoqda. Bu bilan tadbirkorlarga qulaylik yaratish hamda ichki bozorni sifatli tsement bilan uzluksiz taʼminlash koʻzda tutilgan.

TOSHKENT, 6 iyul — Sputnik. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tsementni import asosida respublikaga “yashil yoʻlak” tizimi orqali olib kirishni taklif qildi. Tegishli prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.

Taʼkidlanishicha, bu bilan tadbirkorlarga qulaylik yaratish hamda ichki bozorni sifatli tsement bilan uzluksiz taʼminlash koʻzda tutilgan.

Tsementni “yashil yoʻlak” tizimi orqali bojxona rasmiylashtiruvi quyidagi tartiblarning birini qoʻllash orqali amalga oshirilishi mumkin:

  • tsement toʻpi bojxona chegarasiga kelguniga qadar import qiluvchi xoʻjalik yurituvchi subʼyekt tomonidan ixtiyoriylik asosida uning namunalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun sertifikatlashtirish organiga taqdim etiladi, bunda mahsulotning erkin muomalaga chiqarilishi tegishli muvofiqlik sertifikati olingandan soʻng amalga oshiriladi;
  • oxirgi 12 oy davomida berilgan muvofiqlik sertifati asosida (amal qilish muddatidan qatʼiy nazar) tsement bojxona chegarasiga olib kelgandan soʻng “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida mahsulotni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun berilgan arizaning sertifikatlashtirish organi tomonidan qabul qilinishi va sinovlar oʻtkazish uchun shartnoma tuzilishi mahsulotning erkin muomalaga chiqarilishiga asos boʻladi, bunda laboratoriya sinovlarining natijalariga koʻra sinov bayonnomasi beriladi;
  • sertifikatlashtirish organi bilan xoʻjalik yurituvchi subʼyekt oʻrtasida tuzilgan shartnoma doirasida tsementni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi sertifikatlashtirish organi tomonidan davriy ravishda laboratoriya sinovlaridan oʻtkaziladi.

Shu bilan birga, laboratoriya sinovi natijalariga koʻra tsement belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan taqdirda, bu toʻgʻrisida bir kun muddatda sertifikatlashtirish organlari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subʼyekt va tegishli davlat organlari xabardor qilinadi.

Bunda, belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan tsement realizatsiya qilingan taqdirda, xoʻjalik yurituvchi subʼyekt tomonidan mahsulot realizatsiyasidan tushgan tushum xaridorlarga qaytariladi yoxud xaridorlarni aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda respublika byudjetiga olib qoʻyilishi rejalashtirilgan. Ushbu ikki holat boʻyicha «Oʻzstandart» agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini taʼminlash departamenti koʻrsatma beradi.

“Belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan tsementni olib kirgan xoʻjalik yurituvchi subʼyekt olti oy muddat davomida ushbu mahsulotni olib kirishda „yashil yoʻlak“ tizimidan foydalanish huquqiga ega boʻlmaydi”, — deyilgan hujjatda.

Shu bilan birga, “Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini taʼminlash departamenti bergan koʻrsatmani bajarmaganlik uchun xoʻjalik yurituvchi subʼyektlarning mansabdor shaxslari va yakka tartibdagi tadbirkorlar amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.

Proizvodstvo tsementa na zavode
© Sputnik / Valeriy Titiyevskiy

Qaror loyihasiga koʻra, talablarga javob bermaydigan tsementni import qilgani uchun tadbirkorlar quyidagi miqdordagi jarimalarga tortilishi rejalashtirilmoqda:

- texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi meʼyoriy hujjatlar talablariga javob bermaydigan tsementni olib kirganlik uchun xoʻjalik subʼyektlarga bojxonada rasmiylashtirish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aks ettirilgan mahsulot qiymatining 25 foizi, ushbu holat takroran sodir etilganda 50 foizi miqdorida jarima qoʻllaniladi;

- mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi meʼyoriy hujjatlar talablariga javob bermaydigan tsementni realizatsiya qilganlik uchun sotilgan tsement toʻpining qiymatidan 25 foizi, ushbu holat takroran sodir etilganda 50 foizi miqdorida jarima qoʻllaniladi;

- sertifikatlashtirish organi tsementning muvofiqligini baholash qoidalarini buzganligi aniqlangan taqdirda, mazkur holat yuzasidan koʻrsatilgan xizmat qiymatining 5 barobari va ushbu holat takroran aniqlanganida 10 barobari miqdorida ushbu sertifikatlashtirish organiga jarima qoʻllaniladi, shuningdek 6 oy mobaynida tsementning muvofiqligini baholashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qaror loyihasi 20 iyulga qadar muhokama qilinadi.

Teglar:
Oʻzbekiston

Asosiy mavzular