21:50 20 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Iqtisod
Havola olish
47510

2020 yilning 9 oktyabr kuni "Fitch Ratings" xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi boʻyicha navbatdagi hisobotini chop etdi.

TOSHKENT, 10 okt - Sputnik. "Fitch Ratings" xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi bahosini VV- (barqaror) darajada saqlab qoldi, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi axborot xizmati.

Agentlik kutilmalariga koʻra, Oʻzbekiston boshqa mamlakatlardan farqli oʻlaroq, 2020 yildagi iqtisodiy tanazzullardan holi boʻladi. Oʻsish surʼatlarining 2020 yil 1-chorak yakunlari boʻyicha 0,2 foizga pasayishidan soʻng, oʻsish surʼatlarning 0,5 foizga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, fiskal choralar orqali iqtisodiyotda isteʼmol va investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish va asosiy savdo sheriklarimiz iqtisodiyotining tiklanishi evaziga 2021-2022 yillarda respublikada iqtisodi oʻsish 5-5,5 foizni tashkil etadi.

Taʼkidlanishicha, agentlik, joriy yilning mart oyidan boshlab 65 %dan ortiq qayta koʻrib chiqilgan hisobotlarida reyting koʻrsatkich baholarini pasaytirgan.

Mustahkam Hukumat balansi, moʻtadil davlat qarzi darajasi va oʻsish surʼatlari Oʻzbekiston suveren kredit reytingini qoʻllab-quvvatlovchi omillar sifatida sanab oʻtilgan. Shu oʻrinda, institutsional va boshqaruv darajalarining sustligi, yuqori inflyatsiya darajasi va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotining (YAIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirilgan.

COVID-19 global pandemiyasi davrida Oʻzbekiston reytingining barqarorligi davlatning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralarning mavjudligida, diversifikatsiyalangan tovarlar eksporti bazasida hamda tashqi moliyaviy manbalardan foydalanish imkoniyatlarida aks etadi. Oltinning yuqori narxi eksport, davlat moliyasi va xalqaro zaxiralar hajmiga ijobiy taʼsir etdi. Agentlikning fikricha, mustahkam tashqi va fiskal buferlar joriy operatsiyalar hisobi defitsiti va oʻsib borayotgan davlat qarzi bilan bogʻliq xatarlarni kamaytiradi.

Mamlakatning yosh aholisi, investitsiyalarning yuqori darajasi hamda nazorat ostida olib borilayotgan tizimli islohotlar dasturi inqirozdan keyingi ijobiy oʻsishga olib kelishi hisobotda alohida taʼkidlangan.

Agentlik ekspertlarining fikricha, 2017 yildan beri amalga oshirilib  kelinayotgan islohotlarga Hukumat tomonidan eʼtibor katta boʻlib, ular makroiqtisodiy barqarorlikni yaxshilash, oʻsish istiqbollariga erishish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish,  institutsional va boshqaruv sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etishni taʼminlaydi. Agentlik Hukumatning 2025 yilgacha moʻljallangan bank sektorini isloh qilish strategiyasi va 2020-2021 yillarda davlat korxonalarini xususiylashtirish rejalari haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, agentlik Jahon banki boshqaruv indikatorlarining ulushi suveren kredit reyting bahosida yuqoriligini aytib oʻtib, Oʻzbekistonning mazkur indikatorlardagi oʻrni pastligi va bu institutsional salohiyatning yetarli emasligi, qonun usutvorligining notekis qoʻllanilishi va korruptsiya darajasining yuqoriligidan dalolat berishiga urgʻu berdi.

Agentlikning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston suveren kredit reytingi (shu jumladan reyting prognozi) quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:

-    makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlagan holda yuqori iqtisodiy oʻsishga erishilganda;

- "qonun ustuvorligi", "aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik", "tartibga solish sifati" va "korruptsiyani nazorat qilish" kabi boshqaruv standartlari sezilarli yaxshilanganda;

-  davlat moliyasining fiskal va tashqi zahiralari sezilarli oshganda.

Asosiy mavzular