03:29 29 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Iqtisod
Havola olish
600 0 0

Har bir viloyat, tuman va shahar hokimida hudud aholisining keyingi yil maygacha goʻsht, tuxum, un, yogʻ, shakar, guruch, kartoshka, sabzi va piyozga boʻlgan ehtiyoji, bu mahsulotlarni qachon, qayerdan olish boʻyicha aniq hisob-kitob boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

TOSHKENT, 17 okt - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot-xizmati.

Xabarga koʻra, oxirgi vaqtlarda goʻsht, tuxum, oʻsimlik yogʻi va shakar  mahsulotlarining narxi keskin oshgan. Dunyo bozorida oʻtgan 9 oyda oʻsimlik yogʻi 15 foizga, Oʻzbekistonda esa 26 foizga ortgan. Shakar narxi 5 foizga kamayishiga qaramasdan, mamlakatda 23 foizga qimmatlagan.

Yigʻilishda ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirish, narx-navo barqarorligini saqlash masalalari atroflicha muhokama qilingan.

"Bugundan barcha choralarni koʻrib, amaldagi tizimni oʻzgartirmasak, ertaga qish va bahor oylarida qiyin boʻladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirib, bozordagi narx-navoni arzon qilsak, odamlarni, ayniqsa, kam taʼminlanganlarni rozi qila olamiz", – degan Mirziyoyev.

Har bir viloyat, tuman va shahar hokimida hudud aholisining keyingi yil maygacha goʻsht, tuxum, un, yogʻ, shakar, guruch, kartoshka, sabzi va piyozga boʻlgan ehtiyoji, bu mahsulotlarni qachon, qayerdan olish boʻyicha aniq hisob-kitob boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Har bir hududda oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha alohida jamgʻarmalar tashkil etilishi belgilandi. Hudud rahbarlari tadbirkorlarni jalb qilib, yetishmaydigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini jamgʻarma hisobidan boshqa joydan olib kelish yoki import qilishni yoʻlga qoʻyadi. Bunday tadbirkorlar uchun kredit foizining bir qismi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan qoplab beriladi.

Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari narxini arzonlashtirish maqsadida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchilarning mahalliy birjadagi ishtirokini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Toshkent shahrining har bir tumaniga respublikaning muayyan viloyatini biriktirib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari rastalari va dala doʻkonlari tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Viloyat, tuman, shahar hokimlari va sektor rahbarlari oʻz hududida yaratilgan tizim, bozordagi shart-sharoitlar va narx-navo boʻyicha xalqqa hisobot berishi zarurligi aytildi.

Asosiy mavzular