06:30 27 Fevral 2021
Efir
  • RUB141.09
  • EUR12773.52
  • USD10549.65
Hodisalar
Havola olish
431810

Shu kechayu-kunduzda katta shov-shuvlarga sabab boʻlayotgan bu yovuz qotil Rossiya militsiya xizmatida ishlagan. Oʻz "oʻljalarini"ish vaqtida, xizmat mashinasida izlagan

TOSHKENT, 11 yanv — Sputnik, Sergey Lyutыx. "Angarlik manyak", "Tozalovchi" laqablari bilan mashhur rossiyalik sobiq militsiya xodimi, vahshiy qotil Mixail Popkov qurbonlari soni 81 nafar boʻlishi mumkin, deb yozgan RIA Novosti axborot agentligi.

Nashr xabariga koʻra, Irkutsk viloyat sudida Popkovning SIZOda qoldirilish muddatini uzaytirish masalasini koʻrilgan. Agar Popkov chindan ham 81 nafar ayolni oʻldirgani isbotlansa, u Rossiya va SSSR tarixidagi eng qonxoʻr qotilga aylanadi, deb taʼkidlangan nashrda.

Qotil gaplariga avvaliga hech kim ishonmagan

Nashrda aytilishicha, 22 qotillik va ikki bor ogʻir tan jarohati yetkazganlikda ayblangan Popkov 2015 yilning 14 yanvarida umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan. Ammo oʻsha vaqtlardayoq qotil yana oʻnlab qotilliklarni sodir etganligini maʼlum qilgan. Sobiq militsiya xodimining soʻzlariga oʻshanda hech kim jiddiy eʼtibor qilmagan. Chunki, fosh qilingan qotillarning aksariyati "yomon nom qozonish" maqsadida qilmagan qotilliklarni ham oʻz boʻynilariga olishlari odat tusiga aylangan edi…

Ammo tekshiruv chogʻida Popkovdan kelib tushayotgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topa boshlaydi. Natijada, oradan 2 yil oʻtib sobiq militsiya xodimi 47ta qotillikda ayblanadi.

Rossiya Tergov Qoʻmitasining Irkutsk viloyati boʻyicha boshqarma rahbari katta yordamchisi Karina Golovachevaning aytishicha, yana 12 nafar kishining halok boʻlgani haqidagi maʼlumotlar ustida tekshiruv ishlari davom etmoqda. Yaʼni "Angarlik manʼyak" 22ta qotillikdan tashqari yana 59 nafar odamni oʻldirgani haqida iqror boʻlgan.

Shu tariqa, pogonli manyak tufayli 81 nafar kishining hayoti fojiaviy yakun topgan boʻlishi mumkin. Hozirda oʻz tasdigʻini topmagan 12ta qotillik hisobga olinmagan taqdirda ham "angarlik manyak"ni Rossiya va SSSR tarixidagi eng qonxoʻr qotil deb atash mumkin. Taqqoslash uchun: manyaklar orasida eng vahshiy deb atalib kelingan Andrey Chikatilo 53 qotillik "muallifi" boʻlgan.

Melisa va goʻrkov

Qonxoʻr qotillarga xos ravishda Popkov hayot tarzi ham ikki xil kechgan. Onasi, rafiqasi va qizi uzoq vaqtlargacha tergovchilarga ishonishmagan va SIZOga oziq-ovqat, tasalli soʻzlari yozilgan maktublarni tashishgan. Ammo "angarlik qotil" qoʻlga olingani haqidagi maʼlumotlar OAVlarda tarqala boshlagach, qotilning qarindoshlari zudlik bilan oʻz turar joylarini oʻzgartirishga va shahar aholisi oʻch olishga ulgurmay turib "gʻoyib" boʻlishga majbur boʻlishdi.

"Angarlik manyak" militsiyada oʻn yildan ortiq vaqt xizmat qilgan. Hayotining aynan mana shu davrini u odamlarni "ovlashga" bagʻishlagan. IIB navbatchilik boʻlimida ishlagan va oqshomlari ish joyini turli sabablarga koʻra tark etgan. Mashinasiga oʻtirib (koʻpincha formada) shahar aylangan. Hamkasblari Mixail shu tariqa "kirakashlik" qilyapti, degan xayolga borgan boʻlishlari ham ehtimoldan xoli emas. Chunki, gap oʻtan asrning 90-yillari haqida bormoqda, u paytlarda esa aksariyat odamlarning maoshlari hatto oziq-ovqatlarini ham qoplamagan.

Huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbaning soʻzlariga koʻra, Popkov oʻz xizmat faoliyatida alohida xizmatlari bilan ajralmagan. Bir sutka ishlab, uch kun dam olgan. Qotil oʻzining boʻsh vaqtidan unumli foydalangan va tanishlari u haqda bildirgan iqrorlarga koʻra, sayr qilishni, changʻida uchishni hamda turli taomlar tayyorlashni xush koʻrgan.

Shu bois, Popkov mashinasining bagaj qismida turli-tuman asboblar, jumladan, arraning mavjudligi hech kimda shubha uygʻotmagan. "Yigit kishiga qirq hunar ham oz" degan maqolni ruslar ham eshitgan va Popkov "qoʻli gul yigit" degan xayolga borgan boʻlsalar ajabmas…

Bundan tashqari, manyak muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shugʻullangan va hatto, biatlon boʻyicha sport ustasi unvoniga sazovor boʻlgan.

IIVdan ishdan boʻshagach, Popkov qoʻriqchilik qilgan. Manyakning otasi qabristonda ishlagan va shu bois, oʻgʻil oʻz otasiga 8 yoshidan boshlab qabrlarni qazishda yordam berib kelgan.

Tozalovchi

Vahshiy qotilning barcha qurbonlari — ayollar. Ular oʻz xohishlariga asosan qotil mashinasiga chiqqanlar. Shundan soʻng Popkov yoʻlovchi ayollar bilan tanishgan va birga hordiq chiqarishni taklif qilgan. Birgalikda alkogol isteʼmol qilgach oʻz qurbonlarini jinsiy aloqaga undagan yoki majburlagan, va shundan soʻng oʻldirgan. Popkovning soʻzlariga koʻra,u shu tariqa shaharli suyuqoyoqlardan tozalagan va shu sababdan oʻz-oʻziga "tozalovchi" deb laqab ham qoʻygan.

Chikatiloga yetib olib, hatto undan oʻzib ham ketgan

Popkov tajriba oʻtkazishni xush koʻrgan. Qurol sifatida turli instrumentlardan foydalangan va bora-bora qotilliklar sodir etishga oʻta yovuzlik va sovuqqonlik bilan yondasha borgan. 1994 yilda oʻzining ilk "oʻlja"sini boshiga shisha idish bilan urib oʻldirgan boʻlsa, 2000-yilning yoz oylarida bir yoʻla ikki nafar ayolning hayotiga nuqta qoʻygan. Oʻrmonda sodir etgan bu qotillikda u ayollardan birining boshiga otvertka bilan 18 marta, ikkinchisining tanasiga esa 70 marta zarba bergan.

Uzoq davom etgan surishtiruv ishlari

"Angarlik manyak"ni qidirish ishlari 20 yilcha davom etgan. Popkov 2012 yilning iyun oyida Vladivostokka ketayotganida poyezd kupesida qoʻlga olingan. Operatsiyada spetsnaz jangchilari ishtirok etgan. Ammo manyak hech qanday qarshilik koʻrsatmagan, aksincha, oradan koʻp oʻtmay tergov xodimlari bilan hamkorlik qila boshlagan.

Qotil atrofida internet olamida turli bahs-munozaralar ayni avjida. Jumladan, internet foydalanuvchilardan biri oʻlim jazosiga eʼlon qilingan moratoriy bekor qilinishi kerak, bunday ablahlarga jamiyatda oʻrin yoʻq", — deya fikr bildirgan.

Yana bir foydalanuvchi esa bunga: "Gapingiz toʻgʻri. Ammo kimdir qoʻlga olinib, ayblanib, otuvga hukm qilinsa-yu, oradan 2 yil oʻtib uning begunohligi (xuddi Xitoyda kabi, tahr.) isbotlansa-chi? Oʻlim jazosi — bu oʻta nozik masala", — deya javob qaytargan…

Teglar:
Chikatilo, manyak

Asosiy mavzular