04:38 01 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Hodisalar
Havola olish
479 0 0

Qoʻshni davlat hududidan kanal orqali Oʻzbekistonga yelim idishlarida giyohvand moddalar yuborilayotgani aniqlandi.

TOSHKENT, 21 okt – Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh qoʻlga olindi, xabar qiladi OʻzMAA.

Namangan shahrida yashovchi Erkin Mavlonov, Mirzohid Lutfillayev va Bahodir Turgʻunovlar giyohvandlik moddasini xarid qilish maqsadida Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyati Axsi tumaniga borishadi. U yerda 2 kg 942 gramm “gashish”ni 15 ming AQSH dollariga sotib olishga kelishib, pulni olib kelgunga qadar garov tariqasida M.Lutfullayevning fuqarolik pasportini hamda B.Turgʻunovning oʻzini Qirgʻiziston hududida qoldirishadi. Lutfullayev giyohvand moddani aylanma yoʻllar orqali Oʻzbekiston hududiga olib kiradi va uni Mavlonovga berayotgan vaqtda ikkalasi ham qoʻlga olinadi. Tekshiruvlar davomida qoʻlga olinganlarning birini uyidan qoʻshimcha 158 gramm “gashish” moddasi topildi.

Yana bir giyohvand moddalari savdogari Namangan viloyati markazida “Sarbon” tantanalar majmuasi oldida qoʻlga olindi. Bu 1973 yilda Namangan shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlangan Maʼsum Rahmatjonov boʻlib, u Qirgʻizistondan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan 7 kg 667 gr. “gashish” moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlangan edi.

Giyohvand moddalarini respublikaga olib kirishda Qirgʻiziston fuqarosi boshqa bir “mahoratli” usulni ishlab chiqib, uni bir necha vaqt mobaynida amalga oshirib kelganligi aniqlanadi. Xususan, qirgʻizistonlik ayol “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasini ajratib turuvchi “Shahrixonsoy” kanaliga qoʻshni davlat hududida turib, “gashish” giyohvandlik moddasi joylashtirilgan 5 dona yelim idishlarni oqizib yuborardi. Kelishilgan vaqtda Andijonda istiqomat qiluvchi fuqaro Holmatov kanal orqali hajmi 1 kg 982 gr “yuk”ni qabul qilib oladi.

Huddi shunday usulda giyohvand moddalarni boshqa oʻzbekistonlik Lochinbek Latipjonov ham qirgʻizistonlik Abdulaziz ismli shaxs tomonidan mazkur kanal orqali oqizib yuborilgan 2 kg 810 gr “gashish” moddasini qabul qilib olib, kelgusida sotish uchun oʻz yashash xonadoniga yashirib qoʻyadi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ogʻufurushlardan jami 15 kg 559 gr. “gashish” giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Asosiy mavzular