06:22 28 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Hodisalar
Havola olish
388712

Jabrdiydaning onasi dastlabki tergov bosdi-bosdi qilib yuborilgani, bu boʻyicha yuqori huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilinganidan soʻng qayta jinoiy ish qoʻzgʻatilganini aytadi.

TOSHKENT, 12 noya — Sputnik. Andijon viloyati Paxtaobod tumanida voyaga yetmagan va nogiron 16 yoshli qizni yon qoʻshnisi zoʻrlab kelgan. Bu haqda uning yaqinlari Sputnik agentligiga maʼlum qildi.

Jabrdiyda N.N. (ismi oʻzgartirilgan) II-guruh nogironligi boʻyicha roʻyxatda turadi va oʻz tengdoshlariga nisbatan aqlan zaifroq. Shu bois u oʻz vaqtida oʻzi bilan yuz bergan holatlarning nechogʻlik jirkanchligini anglay olmagan.

Qizning onasining soʻzlariga koʻra, ushbu hodisa bir necha marotaba sodir boʻlgan.

Voqea qanday sodir boʻlgan?

Jabrdiydaning onasining maʼlum qilishicha, u qizining ilmga chanqoqligini koʻrib, odamlarga qoʻshilsin degan maqsadda maktabda oʻqitishga qaror qilgan. Pandemiya vaqtida onlayn tarzda oʻqishi uchun unga planshet sotib olib bergan.

Cheksiz internet tarmogʻidan foydalanishi davomida qiz tasodifan pornografik videorolikka guvoh boʻlgan va uni onasiga koʻrsatib, “Bu baxtli hayot, falonchi amaki aytdi...” deya oʻzi va qoʻshnisi oʻrtasida yuz bergan holatlar haqida onasiga aytib bergan. Ona ilk marotaba shunda qizi 65 yoshli qoʻshnisi M.M. (ismi oʻzgartirilgan) tomonidan zoʻrlanayotganligini bilib qolgan.

“Qaynotam “Kelin, bir umr nogiron boqib, uyda oʻtirib qoldingiz. Siz ham bundoq ishga chiqib odamlarga qoʻshiling” deganligi uchun tumandagi tikuv fabrikasiga ishga joylashgan edim. Pandemiya vaqtida uyimiz derazalarini mixlab qoʻygan edik. Qoʻshni oʻzining gʻarazli maqsadiga yetish uchun ana shu mixlarni sugʻurib, derazadan tushgan va har gal shu deraza orqali uyga kirib turgan. Qizimni esa “Onangga aytma, baxtli boʻlasan, qizim, nogiron boʻlganing uchun senga bu haqda gapirishmagan, aslida hamma shunday qilib, erga tegadi” kabi soʻzlar bilan aldab kelgan. Ogʻriqni qoldirish maqsadida yoki homilador boʻlib qolmasligi uchunmi, “Gripp boʻlmaysan” deb qizimga allaqanday dorilar ichirib kelgan”, – deydi jabrdiydaning onasi.

Organlarga murojaat

Ona ayrim sabablarga koʻra qizi oxirgi marotaba zoʻrlanganidan bir oy oʻtib, tuman IIBga murojaat qilgan. Biroq ish qizning oʻz xohishiga koʻra yuz berib kelganligi vaji bilan tugatilgan.

Ammo qizning oila aʼzolari yuqori huquqni muhofaza qiluvchi organlariga takror murojaat qillavergach, bu ish boʻyicha hozirda qayta tergov ochilgan.

“Qizim avvaldan nogiron boʻlib tugʻilmagan. U bolaligida bir marotaba “sudorgi” boʻlib, eʼtiborsiz qoldirilgan. Shuning asorati, u tez-tez tutqanoqqa chalinib turadi. Qolaversa, boʻlgan ishlar unga yomon taʼsir qilganidan esiga tushsa, qayta-qayta gapirib beradigan boʻlib qoldi”, - deydi onai zor.

Qizning onasi pedofillikda gumonlanayotgan shaxsning qayoqqadir gʻoyib boʻlgani, tergovga kelayotgan yoki kelmayotgani haqida bilmasligini aytadi. Unga nisbatan bu gal qonuniy chora koʻrilishini istaydi.

Jabrlanuvchining 2020 yil 29 sentyabrdagi arizasiga binoan 2020 yil 4 noyabr kuni Paxtaobod tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan (Shaxsning oʻn olti yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish) jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Asosiy mavzular