TOSHKENT, 11 yanv — Sputnik. Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida gazga navbatda turgan “Damas” yonib ketdi.
IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) xabariga koʻra, hodisa 11 yanvar kuni soat taxminan 7:50 da “Kumidon” mahallasi hududida joylashgan “Afsona-4” avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida yuz bergan.
Maʼlum qilinishicha, navbatda turgan 21 yoshli haydovchi B.A. mashinasining yonib ketishiga dvigatel qismidagi elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab boʻlgan.

Yongʻin natijasida tan jarohati olganlar yoʻq va yongʻin bartaraf etilgan.
Hodisa yuzasidan Toʻraqoʻrgʻon tumani IIB YHXB va FVB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.