TOSHKENT, 13 yanv — Sputnik. Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida bir oilaning yoppasiga is gazidan zaharlanishi tufayli voyaga yetmagan uch bola nobud boʻldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Sputnik nashriga maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, 12 yanvar kuni 10:00 larda Kattaqoʻrgʻon tumani Doʻstlik mahallasida yashovchi D.Joʻrayev (1986 y.t.), uning turmush oʻrtogʻi S.Ostonova (1991 y.t.), voyaga yetmagan farzandlari S.Pardayev (8 yosh), M.Pardayeva (4 yosh) va SH.Pardayevalar (1 yilu bir oylik) yashash uyi xonasida is gazidan zaharlanish alomatlari bilan yaqin qarindoshlari tomonidan topilgan.
Voyaga yetmagan S.Pardayev, M.Pardayeva va SH.Pardayevalar hodisa joyida vafot etishgan.
Sud tibbiyot ekspertizasining birlamchi maʼlumotida, voyaga yetmagan S.Pardayev, M.Pardayeva va SH.Pardayevalarning oʻlimi is gazidan zaharlanish natijasida yuzaga kelganligi koʻrsatilgan.
Er-xotinlarga is gazidan zaharlanish tashxisi bilan zarur tibbiy muolajalar koʻrsatilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.