09:36 25 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Yangiliklar
Havola olish
Mirziyoyevning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi (14)
113410

Oʻzbekiston prezidenti Afzal Rafiqovni yosh diktorlar maktabiga rahbar qilib qoʻyishni, shuningdek, maqom yoʻnalishida yangi kollej yoki musiqa maktabini ochib unga mashhur sozanda Abduhoshim Ismoilovni rahbar qilib tayinlashni taklif qildi

TOSHKENT, 4 avg — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 avgust kuni oʻtkazgan yigʻilishda bugungi kunda madaniyat sohalarida mavjud muammo va kamchiliklarning tub ildizlari malakali kadrlar yetishmasligi bilan bogʻliqligini aytib oʻtdi.

"Ayni vaqtda, respublika teatrlarida 45 foiz ijodiy xodimlar tegishli oliy maʼlumotga ega boʻlmagan holda faoliyat yuritayotgani, tumanlarda joylashgan bolalar musiqa va sanʼat maktablarida ishlayotgan oʻqituvchilarning 72 foizi oʻrta maxsus maʼlumotga ega ekani ham barchamizda jiddiy tashvish uygʻotadi.

Yaqinda Qoʻqon shahar musiqali drama teatriga borganimizda ham xuddi shunday ahvolga duch keldik. U yerda ishlayotgan jami 53 nafar ijodiy xodimning atigi 11 nafari oliy maʼlumotga ega, xolos. Qolgan 42 nafarini oʻrta maxsus va oʻrta maʼlumotga ega xodimlar tashkil etadi. Albatta, bu muassasalarda ishlayotgan yosh yigit va qizlar astoydil intilib harakat qilayotgan boʻlsa-da, baribir ularning faoliyatida zarur bilim va malaka yetishmayotgani sezilib turibdi.

Shuning uchun ham avvalo madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari, litsey va kollejlar, musiqa va sanʼat maktablarining faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish zarur.

Mana, yurtimizda qancha bolalar musiqa va sanʼat maktablari bor, ayni vaqtda milliy adabiyotimiz va sanʼatimizning atoqli namoyandalari nomida yangi ijodiy markazlar tashkil qilyapmiz. Xoʻsh, ularda kimlar mehnat qilyapti? Yoshlarimizga ijod sirlarini kimlar qay darajada oʻrgatyapti? Taniqli sanʼatkorlarimiz, yozuvchi va shoirlarimizning bu maktablar bilan aloqasi qanday?

Xabaringiz bor, yaqinda yurtimizda atoqli sanʼatkor Komiljon Otaniyozovning 100 yillik yubileyi katta tantana bilan nishonlandi. Ushbu tadbirlarda bu yerda oʻtirgan koʻpchilik ijodkorlarimiz ishtirok etdi. Qoʻshni respublikalardan — Qozogʻistondan, Tojikistondan mehmonlar keldi. Mashhur hofiz Joʻrabek Murodovning samimiy soʻzlarini hammamiz hayajon bilan eshitdik.

Qarang, Komiljon Otaniyozovning nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Oʻrta Osiyo boʻyicha qancha-qancha shogirdlari bor ekan. Shu gaplarni eshitganda, shaxsan men, buyuk hofizimizning qoʻshigʻidan ham shogirdi koʻp ekan, deb oʻylab qoldim.

Qani, ayting-chi, bugun qaysi Xalq artistimiz oʻzining shunday munosib shogirdlari borligi, shogirdparvarligi bilan maqtana oladi? Shu savollardan kelib chiqib, sizlarga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman. Respublikadagi har bir musiqa va sanʼat maktabiga, ijodiy markazlarga taniqli adabiyot, sanʼat va madaniyat namoyandalarini badiiy rahbar yoki direktor sifatida tayinlasak, ular uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bersak, nima deysizlar?

Mana, davramizda Gʻulomjon Yoqubov, Farrux Zokirov, Ortiq Otajonov, Yulduz Usmonova, Mahmud Namozov, Zulayho Boyxonova, Ozodbek Nazarbekov, Gʻafur va Gʻulom Eshjonovlar, Gulsanam Mamazoitova kabi Xalq artistlari oʻtiribdi. Sizlarning har biringiz bittadan sanʼat kolleji yoki musiqa maktabiga borib rahbarlik qilsangiz, men oʻylaymanki, bundan sanʼatimiz faqat yutgan boʻlar edi. Ayni vaqtda yuzlab shogirdlar yetishtirib, oʻzingizga haykal qoʻygan boʻlardingiz.

Masalan, Oʻzbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovni yosh diktorlar maktabiga rahbar qilib qoʻysak, iqtidorli yoshlarimiz u kishidan juda koʻp bilim va tajribalarni oʻrgangan boʻlar edi.

Mashhur sozandamiz Abduhoshim Ismoilovning maqom ansambliga rahbarlik qilishi albatta yaxshi. Lekin u kishining ijodiy salohiyatidan yoshlar ham bahramand boʻlsa, nur ustiga nur boʻlardi. Men maqom yoʻnalishida yangi kollej yoki musiqa maktabi ochishni, unga Abduhoshim Ismoilovni rahbar qilib tayinlashni taklif qilaman.

Biz xalqimizning noyob merosi boʻlgan maqom sanʼatini nafaqat yurtimizda, balki butun dunyo boʻylab keng targʻib qilish, kerak boʻlsa, xalqaro miqyosda maqom tanlovlarini tashkil etish ustida ishlashimiz kerak.

Sizlarga maʼlum, hozirgi vaqtda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Nukus shahridagi filiali muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatyapti. Shu ijobiy tajribani davom ettirgan holda, Qoʻqon shahrida ham mazkur institutning filialini tashkil etyapmiz. Bu oʻquv yurti Fargʻona vodiysi viloyatlari uchun yuqori malakali madaniyat xodimlarini tayyorlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Qoʻqon shahrida sanʼat ahli uchun yangi koʻp qavatli turar joy binosi ham qurib foydalanishga topshiriladi", — degan oʻz nutqi davomida prezident.

Yuqorida zikr etilgan barcha masalalarni kompleks hal etish boʻyicha Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchilari X.Sultonov, A.Yunusxoʻjayev, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.Majidov, xalq taʼlimi vaziri U.Inoyatov, madaniyat vaziri M.Muratov, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B.Zokirov bir oy muddatda tegishli takliflar kiritishlari zarur.

Mavzu:
Mirziyoyevning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi (14)

Asosiy mavzular