18:39 18 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Yangiliklar
Havola olish
123 0 0

Shu kunlarda parlamentda koʻrib chiqilayotgan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida ilk bor "nashr" tushunchasiga taʼrif berilgan.

TOSHKENT, 7 noyab – Sputnik. Kuni-kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida kitob va boshqa bosma mahsulotlarini nashr etish, tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va savodxonlik madaniyatini yuksaltirishga koʻmaklashuvchi, soha faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Uning qabul qilinishi, qayd etilishicha, oʻzbekistonlik yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, estetik ehtiyojlariga mos sifatli kitoblarni nashr etish, kitoblarni qulay narxlarda joylarga yetkazib berish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, oʻsib kelayotgan avlodda bolalikdan kitobga mehr uygʻotish, ularda elektron kitoblarni oʻqish qobiliyatini shakllantirish, umuman mutolaa hamda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Qonun loyihasi 2019 yilning 6 sentyabr kuni parlament quyi palatasining majlisida birinchi oʻqishda maʼqullangan edi. Shunday boʻlsa-da, qonunni yanada takomillashtirish uchun qaytadan koʻrib chiqish taklif etildi. Natijada, qonun loyihasi yuzasidan ekspertlar ishtirokida qator davra suhbatlari va jamoatchilik muhokamalari oʻtkazildi.

Xususan, loyiha Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga (parliament.gov.uz) keng muhokama uchun joylashtirildi. Birinchi oʻqishda qabul qilingan loyihada keltirilgan “Nashrning asl nusxasi” deb nomlangan tushuncha noshirlik faoliyatining asosi hisoblangan “nashr” soʻzining maʼnosini bergani, shuningdek, qonunchilik texnikasidan kelib chiqib, loyiha matnida juda koʻp bor uchraganini inobatga olib, “nashr” tushunchasiga taʼrif berildi.

Shu bilan birga, qonun loyihasidan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni asosida tartibga solinuvchi va “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunda takrorlangan normalar chiqarildi, yuridik texnikasi qoidalari nutqai nazaridan hamda tahririy jihatidan 50 dan ortiq tuzatishlar kiritildi.

Deputatlar qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi noshirlik faoliyatini litsenziyalash tartiblarini soddalashtirish, axborot-kutubxona muassasalari va tashkilotlarga nashrlarning majburiy bepul nusxalarini taqdim etishni tartibga solish yoʻli bilan milliy bosma nashrlar fondi rivojlanishining huquqiy asoslarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Asosiy mavzular